15:14 / 25.11.2015
7000

Shoygu: Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi qutqarildi va bazaga qaytarildi

Suriya osmonida Turkiya tomonidan urib tushirilgan Rossiyaga tegishli Su-24 rusumli bombardimonchi harbiy samolyotining shturmani tirik va u xavfsiz hududga olib kelingan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma'lumot berdi.

"Qutqaruv operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Shturman bizning bazaga olib kelindi. U tirik va soppa-sog‘", deydi Shoygu Mudofaa vazirligi yig‘ilishida.

Uning ma'lum qilishicha, qutqaruv amaliyoti Moskva vaqti bilan soat 3:40da yakunlangan.

"Men operatsiyaning muvaffaqiyatli yakunlangani haqida oliy bosh qo‘mondonga ma'lumot berdim. U mendan qutqaruv amaliyoti ishtirokchilariga shaxsan minnatdorchiligini bildirib qo‘yishimni so‘radi", deya qo‘shimcha qilgan Shoygu.

Bundan oldinroq, Rossiyaning Fransiyadagi elchisi Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi tirik qolgani haqidagi xabarni tasdiqlagandi.

Undan oldinroq, Rossiya Mudofaa vazirligi uchuvchilardan biri turkman jangchilari tomonidan havodaligidayoq otib o‘ldirilgani haqida xabar qilgandi.

Bugun ertalab, OAVlar Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi suriyalik harbiylar tomonidan qutqarilgani haqida xabar tarqatdi.

Dastlab, ayrim OAVlarda samolyotning har ikki uchuvchisi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan, lekin bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagandi.

So‘ng Suriya muxolifati uchuvchilardan birining tanasini hukumat qamog‘ida bo‘lgan vakillaridan biriga almashtirmoqchi bo‘lgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Suriyadagi turkmanlar guruhi vakili uchuvchilarning yerga tushgach, otib tashlangani haqida ma'lumot bergan.

Keyinroq, turkmanlar Su-24 samolyotining katapulta qilgan uchuvchilariga havodaligidayoq o‘t ochishgani videosi paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top