20:01 / 25.11.2015
4910

Tojikiston muhojirlar bo‘yicha Rossiyaning statistik ma'lumotlari haqiqatga mos emasligini ta'kidlamoqda

Tojikistonning statistika agentligi rahbariyati Rossiya migratsiya xizmatining Rossiyadagi tojikistonliklar borasidagi statistik ma'lumotlari aniqligiga shubha bildirmoqda.

“Biz Rossiya statistikasi bo‘yicha ma'lumotlarni aniqlashtirdik. Rossiyaga biror fuqaro kelib, uch oydan keyin ketib va keyin Rossiyaga o‘sha migratsiya kartochkalari bilan kelsa ham bir necha kishiga hisoblanadi”, deb aytmoqda Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Gulnora Hasanzoda.

Hasanzodaning fikricha, Rossiya hududida Rossiya rasmiy ma'lumotlarida keltirilganchalik ko‘p tojik mavjud emas. “Bu haqiqatga mos kelmaydigan raqamlar”, deb aytdi Hasanzoda.

Rossiya Federal migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil 5 noyabriga ko‘ra Rossiyada 935 ming tojikistonlik bo‘lgan.

Yil boshiga nisbatan Rossiyadagi tojikistonliklar soni 64 mingga kamaygan. Yil boshida ularning soni 999 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan.

Bu orada Tojikiston mehnat, migratsiya va aholining bandligi vazirligi migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida Tojikistondan 430 ming odam mehnat migratsiyasi bilan chiqib ketgan. Bu ko‘rsatkich 2014 yilning shu davriga nisbatan 28 ming 676 kishi yoki 9,3 foizga kamroqni tashkil qiladi.

“Mehnat migratsiyasi darajasining kamayishi Rossiyaga 2015 yil 1 yanvardan xorijiy pasportlar bilan kirish va Rossiya tomonidan xorijiy davlatlar mehnat muhojirlari faoliyatiga tegishli amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi bilan bog‘liq” deb aytilmoqda Tojikiston migratsiya agentligida.

Top