17:56 / 25.11.2015
2390

UYeFA Kiyevning "Dinamo" jamoasiga muxlislarining irqchilik harakati yuzasidan jazo tayinladi

UYeFA tartib-intizom qo‘mitasi 2015 yil 20 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionlar ligasining «Dinamo» – «Chelsi» jamoalari uchrashuvida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan qaror chiqardi. Bu haqda UYeFA rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.

Manbaning yozishicha, endilikda ukrain jamoasi Yevrokuboklardagi dastlabki ikki uy uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazadi. Yana bir uy uchrashuvi uch yillik sinov muddatiga ko‘ra xuddi shunday jazoga tortilishi mumkin.

Natijada, «Dinamo» YeChLning guruh bosqichidagi so‘nggi tur doirasida «Makkabi»ga qarshi uchrashuvini va agar pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritilsa, 1/8 finalning uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, «Dinamo» 100 ming yevro miqdorida jarimaga ham tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, UYeFA «Dinamo»ni muxlislarning irqchilik munosabatida bo‘lgani va turli mojarolar kelib chiqishi bo‘yicha tekshiruvlar olib borayotgandi.

Top