14:31 / 25.11.2015
2847

WT: AQShda noqonuniy muhojir bolalar jinoyatchilar uylariga joylashtirildi

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati noqonuniy muhojirlarning bir necha ming nafar bolalari avval qotillik, odam savdosi va voyaga yetmaganlarni zo‘rlash jinoyatlarini sodir etganlarning uylariga joylashtirilgan, deya yozmoqda The Washington Times nashri senator Chak Gressli bayonotiga asoslangan holda.

Qayd etilishicha, agarda mazkur ma'lumot rasman tasdiqlansa, bu xavfli holatlarda qolgan bolalarni himoya qilish hukumatning asosiy vazifasi deb bayonot bergan Obamaning migratsion siyosati uchun “qora belgi”ga aylanadi.
Chak Gressli ma'lumotlariga ko‘ra, eng kamida 3400 bola jinoiy o‘tmishga ega kishilarning uylariga joylashtirilgan.

“Zaruriy tekshiruv o‘tkazilmaydi va buning uchun bolalar tovon to‘lashadi, deya taxmin qilmoqdaman”, - deyiladi Ayova shtatidan bo‘lgan senatorning AQSh ichki xavfsizlik mahkamasi kotibi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmatlarga yo‘llangan maktubida.

Gresslining ayblovi chegara nazorati janubi-g‘arbiy chegaralar bo‘ylab kontrabandistlar yordamida o‘tib olgan 5 ming nafardan ziyod nazoratsiz voyaga yetmagan muhojirlar aniqlanganidan so‘ng e'lon qilindi. Qochqinlar markazlari katta miqdordagi muhojirlarni qabul qilish imkoniga ega emas edi va shu sababli bolalarning bir qismi shaxsi sinchkovlik bilan o‘rganilmagan homiylarning uylariga joylashtirilgan.

Top