17:57 / 26.11.2015
17373

Bugungi kunda O‘zbekiston ko‘chalarida 4 milliondan ziyod mashina harakatlanmoqda

«Qashqadaryo» gazetasi muxbiri avtomobillarning inson hayotidagi o‘rni haqida so‘rov o‘tkazib, "Avtomobilsiz bir kun yoxud "g‘ildirakli kimyoviy fabrika" nomli maqola yozgan.

U avvaliga mashinasi yo‘q kishiga kelajakda "mashina olishni istash-istamasligi"ga qiziqib savol bergan. So‘raluvchi esa "narx, mashina ko‘rinishi va qancha yonilg‘i sarflashi"ni hisobga olgan holda imkoniyat tug‘ilsa, albatta bunday xaridni amalga oshirishini bildirgan.

Muxbir boshqa bir, mashinasi bor kishidan so‘raydi: "Hayotingizning bir kunini avtomobilsiz tasavvur qila olasizmi?"

"Mashinasiz bir kunning o‘tishi juda qiyin, avtomobil men uchun bamisoli qo‘l-oyoq, usiz hech nima qilib bo‘lmaydi - ishga kechikib qolaman, istagan joyimga istagan vaqtimda borish imkonidan mahrum bo‘laman, bozor-o‘char qilishga qiynalaman. Bir safar sal nosoz bo‘lib turgan "toychoq"ni avtoservisga tuzatishga berib, naq uch kun qiynaldim, shuning uchun, nima bo‘lsa ham, mashinamning tagidan shamol o‘tib tursa, bas...", degan u.

Shuningdek, muxbir avtomobillarning atrof-muhitga ta'siri masalasi xususida ma'lumot olish uchun mutaxassisga murojaat qilgan.

"Bugungi kunda O‘zbekistonda har yetti kishiga bittadan avtomobil to‘g‘ri keladi. Ya'ni, O‘zbekiston ko‘chalarida 4 milliondan ziyod mashina harakatlanayapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida esa 200 mingga yaqin avtomobil bor", — deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti atrof-muhit muhofazasi va ekologiya kafedrasi mudiri To‘lqin Rahimov.

Kafedra mudirining so‘zlariga ko‘ra, avtomobilning foydasi bilan teppa-teng ziyoni ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, avtomobillardan chiqadigan zararli tutun atmosfera havosiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

"Bundan tashqari, avtomobil shovqini zararli tovushdir. O‘zbekistondagi yirik shaharlar aholisining 60 foizdan ortig‘i bugungi kunda xuddi shunday zararli shovqindan aziyat chekadi", — deydi To‘lqin Rahimov.

"Biz nafas oladigan havo - atmosferani tashkil etadigan qatlamlar har qaysisi o‘zining muayyan vazifasiga ega. Masalan, ozon qatlami barcha tirik organizmlarni nurlanishdan saqlaydi. Quyosh nurlari ta'sirida kislorod, azot oksidi va boshqa gazlar ishtirokida hosil bo‘lgan ozon kuchli ultrabinafsha nurlarni o‘ziga yutib, tirik organizmlarni uning salbiy ta'siridan himoya qiladi. Avtomobillardan havoga chiqariladigan is gazi esa ozonning yemirilishiga sabab bo‘ladi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, havoni ifloslantiradigan asosiy antropogen omillar ro‘yxatida avtomobil transporti birinchi o‘rinni egallaydi. Ya'ni umumiy zararning 40 foizi Yer yuzida harakatlanayotgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan zararning 20 foizi energetika sanoati, 14 foizi korxona va tashkilot ishlab chiqarishi, 26 foizi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, maishiy kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalardan yetkaziladi. Shuning uchun mutaxassislar avtomobilni "g‘ildirakli kimyoviy fabrika" deb atashadi. Dunyoning eng ilg‘or, rivojlangan davlatlarida tashqi muhitning ifloslanishi avtomobil dvigatellari chiqarayotgan zaharli moddalar tufayli yuz beradi. Yaponiyada avtomobillarning ko‘pligidan ko‘cha harakatini boshqaradigan politsiya xodimi har ikki soatda kislorod niqobini almashtirib turishga majbur bo‘lar ekan. Mashina motori chiqargan gaz tarkibida uglerod oksidi, karbonat angidrid, aldegidlar, azot oksidi, qo‘rg‘oshin birikmalari bo‘lib, ular nafaqat atrof-muhit sofligiga putur yetkazadi, balki inson salomatligi uchun ham koni ziyon hisoblanadi. Uglerod oksidlari qondagi gemoglobin bilan birikib, uning kislorod tashish xususiyatini kamaytiradi, qo‘rg‘oshin birikmasi esa nafas yo‘llari orqali organizmga o‘tib, yurak-qon tomirlari faoliyatiga jiddiy shikast yetkazadi. Bitta avtomobil bir kunda 10-12 litr benzin yonilg‘isi ishlatib, atmosfera havosiga 25 kilogrammcha zararli kimyoviy birikmalarni chiqaradi. Bir yil davomida "ishlagan" avtomobil 4 tonnadan ortiq kislorodni yo‘qotishga "hissa" qo‘shadi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, inson bir sutkada o‘rtacha 1,5 kilogramm oziq-ovqat, 2,5 litr suv iste'mol qiladi. Odam o‘pkasi esa bir sutkada 13 kubometr havoni yutib chiqaradi. Bu butun bir boshli temir yo‘l sisternasi hajmiga teng. Odam ovqat yemasdan bir oy, suvsiz uch kun yashashi mumkin. Biroq havosiz ikki-uch daqiqadan ortiq yashay olmaydi.

Qolaversa, transport vositalaridan chiqadigan is gazi o‘simlik va hayvonot dunyosi, suv va tuproqni ham baravar zararlaydi. Ifloslangan havo ta'sirida o‘simliklarda modda va energiya almashinuvi buziladi, ekinlar va mevali daraxtlar kamhosil bo‘lib qoladi. Bugina emas, is gazi tabiatdagi fotosintez jarayoniga ham salbiy ta'sir o‘tkazishi aniqlangan.

Aslida is gazining ham atmosferada o‘z o‘rni, vazifasi bor. Ya'ni kimyoviy formulasi SO2 bo‘lgan mazkur modda yerdagi haroratni me'yorda ushlab turadi, uni ramziy ma'noda sayyoramizning ko‘rpasi, deyish mumkin. Is gazining atmosfera havosi tarkibidagi ulushi 0,3 foizni tashkil qiladi, ammo bu turg‘un miqdor emas, mavsumga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Olimlarning aniqlashicha, hozirgi davrda is gazi miqdori inson omili ta'siri bilan bir yilda o‘rtacha 22 milliard tonnadan ortiqni tashkil qiladi", deydi mutaxassis.

Top