15:06 / 26.11.2015
2777

Coca-Cola’ning bosh ilmiy xodimi semizlikka qarshi kurashuvchi tashkilotga bosim o‘tkazishda gumon qilingani sababli o‘z lavozimidan bo‘shadi

Coca-Cola kompaniyasining bosh ilmiy xodimi Rona Appelbaum AQShni qamrab olgan “semizlik epidemiyasi”da kompaniyaning rolini kamaytirishga urinishlar bilan bog‘liq tanqiddan keyin iste'foga ketishga qaror qildi. Bu haqda Bloomberg agentligi ma'lum qildi.

Appelbaum kompaniya nomidan semizlikka qarshi kurashuvchi va kompaniyadan 1,5 mln dollar miqdorida ko‘mak puli olgan Global Energy Balance Network (GEBN) notijorat tashkiloti bilan yozishmalarda ishtirok etgan.

Avgustda GEBN vitse-prezidenti Stiven Bler amerikaliklar vazn bilan muammolarda fastfud va shirin gazli ichimlikni “hamma ayb aynan shunda ekanligini isbotlovchi aniq dalillarga ega bo‘lmay turib” asossiz ayblayotganlari haqida murojaatini chop etgan. Shu oyning o‘zida tashkilot prezidenti Jyeyms Xill Coca-Cola’dan olingan pullar o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalariga hech qanday ta'sir qilmaganini aytgan.

Biroq Associated Press axborot agentligi tomonidan chop etilgan yozishmalar parchalariga ko‘ra, Coca-Cola tashkilotning strategiyasiga ta'sir qilgan va u yordamida o‘zi nomiga bildirilgan tanqidlarni kamaytirish imkoniga ega bo‘lgan.

Coca-Cola’ning bosh ijrochi direktori Muxtor Kent kelgusida uning kompaniyasi o‘zining faoliyatini oydinroq yuritishga va Global Energy Balance Network bilan bog‘liq vaziyatdagi kabi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash “eng yaxshi dalillarga asoslangan yaxlitroq va ishchan yondashuvni aniqlash niyatiga asoslanishiga” va'da berdi.

Nyu-York universitetining oziq-ovqat bo‘yicha professori Merion Nestle Forbes nashriga bergan sharhida oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar umuman bunga o‘xshash tadqiqotlarni moliyalashtirmasliklari zarurligi, chunki natijalar odatda har doim homiylar foydasiga qabul qilinishi haqidagi fikrni bildirdi.

Bu orada Coca-Cola o‘z ta'siri bilan tadqiqotchilar semizlik va shirin gazli ichimliklar iste'moli o‘rtasidagi bog‘liqlik borligini inkor qilayotganliklari borasida birinchi marta ayblanayotgani yo‘q. Britaniyaning The Times nashri shunday mavzudagi tergov bilan oktabrda chiqish qilgan va kompaniya nafaqat olimlarni, balki hukumatning sog‘liqni saqlash uchun javobgar vakillarini ham moliyalashtirganini ta'kidlagan.

O‘tgan asrning 90-yillaridan AQShda shirin gazli ichimliklar savdosi 25 foizga tushib ketdi. Bunday kuchli pasayishning sabablaridan biri maktablarda gazli ichimliklarning sotilishiga taqiqlov kiritilgani bo‘lgan.

Top