Smartfonlar uchun mo‘ljallangan brauzerlar bozori yetakchilarining uchligida o‘zgarishlar qayd etildi. Stat Counter hisoblagichlari ma'lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida Xitoydagi Alibaba kompaniyasining sho‘'basi tomonidan ishlab chiqilgan UC Browser brauzeri Apple Safari`dan o‘zib ketdi va Chrome`dan keyingi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Hisoblagich ma'lumotlariga ko‘ra, 35,84 foiz smartfon foydalanuvchilari oktabr oyida tarmoqqa Google Chrome brauzeri orqali kirishgan. 17,42 foizi esa buning uchun UC Browser`dan, 16,38 foiz – Apple Safari, 13,06 foiz –Android shtatli brauzeri (Google mobil operatsion sistemasining eskirgan namunalariga o‘rnatilgan) va 12,54 foizi – Opera brauzerlaridan biridan foydalanishgan.
Agarda faqatgina smartfonlar emas, balki barcha mobil qurilmalar, jumladan, iOS va Android platfordagi planshetlar ham hisobga olinsa, ko‘rsatkichlar o‘zgacharoq tus oladi: 33,8 foiz Chrome, 21,43 foiz Safari va 15,57 foiz UC Browser`da. Bu planshetlar bozorida iOS-qurilmalar ulushining smartfonlardagiga qaraganda ko‘proq ekani bilan bog‘liq.
UCWeb kompaniyasi eng ko‘p internet foydalanuvchilarga ega Xitoy, Hindiston va Indoneziyada o‘z brauzeri bilan yetakchilik qilmoqda.