10:44 / 27.11.2015
35527

Islom Karimov Namangan viloyati hokimining almashtirilishi sababini aytdi

26 noyabr kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi. Prezidentning nutqi UzA saytida joylashtirilgan.

Bu sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi va Bahodir Yusupov Namangan viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

"Hammamiz yaxshi tushunamiz, dedi davlatimiz rahbari, bugungi kunda Namangan ahli oldida turgan ulkan vazifalarni bajarishda ko‘p narsa viloyat boshqaruvida rahbarlik vazifasida o‘tirgan shaxslarga, eng avvalo, ishni to‘g‘ri tashkil etib, el-yurtni katta maqsadlar sari o‘z ortidan ergashtira oladigan birinchi rahbarning mas'uliyatiga bog‘liq. Ana shu nuqtai nazardan qarab, viloyat hokimi Bahodir Yusupovning faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, afsuski, oxirgi paytlarda uning ishida o‘zibo‘larchilik, beparvolik va loqaydlik, sustkashlik kayfiyati kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin.

Ma'lumki, B.Yusupov 7 yil davomida viloyatda birinchi rahbar bo‘lib ishladi. Namangandek katta bir viloyatga yetakchi bo‘lish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olgan bu shaxsning avvalambor keng miqyosda fikrlashga, aholining tashvish va muammolari, dardi bilan yashashga, eng muhimi, viloyatda turli soha va tarmoqlarni boshqaradigan, o‘zining qo‘l ostida ishlaydigan rahbar va mutaxassislarni yagona bir maqsad uchun birlashtirishga qurbi yetmadi", deydi Islom Karimov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, viloyatning Mingbuloq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi etib tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Top