20:44 / 27.11.2015
10238

Rossiya HKK: Su-24 samolyotini urib tushirgan Turkiya samolyoti Suriya havo kengligini buzib kirgan

Rossiya Harbiy-Kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Viktor Bondarevning ma'lum qilishicha, Su-24 samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilishi vaqtida turklar samolyoti 40 soniya davomida Suriya hududida bo‘lgan. Bu haqda RIA Novosti nashrida xabar berilgan.

"Suriya havodan mudofaa tizimlarining ma'lumotiga ko‘ra, turkiyaliklar samolyoti Su-24 samolyotiga zarba berish maqsadida Suriya havo kengliklarida 2 km ichkariga kirib, 40 soniya davomida bo‘lgan. Bu esa Rossiya samolyoti Turkiya chegarasini buzib o‘tmagani, aksincha Turkiya samolyoti Suriya chegarasini buzib o‘tganini anglatadi", deydi Bondarev.

Uning aytishicha, Turkiya aviatsiyasi Rossiya bombardimonchi samolyoti uchun pistirma tayyorlashgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top