21:36 / 28.11.2015
3811

Oliy liga-2015. Mavsumning eng sermahsul juftliklari TOP-10

Bu yilgi Oliy liga o‘yinlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. Biz ushbu mavsum yakunlariga ko‘ra eng yaxshi hujum juftliklari o‘nligini e'tiboringizga havola etamiz.

10. Nosir O‘taqo‘ziyev (9) + Otabek Xaydarov (6) = 15 gol
Oliy liga debyutanti bo‘lgan “Qo‘qon-1912” jamoasi mavsumni 12-o‘rinda yakunladi. Klub 30 ta uchrashuvda 31 ta gol kiritdi. Gollarning deyarli yarmi ikki futbolchi Nosir Otaqo‘ziyev hamda Otabek Haydarovlar hisobiga yozildi. Nosir 9, Otabek esa 6 marta raqiblar darvozalarini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lishgan.

9. Igor Taran (10) + Zafar Polvonov (6) = 16 gol
“Sho‘rtan” jamoasi mavsumni 11-o‘rinda yakunladi. G‘uzorliklarning 42 ta golidan 16 tasiga Igor Taran va Zafar Polvonov mualliflik qilgan. Igor Zafarga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘proq gol urganini ham ta'kidlab o‘tish joiz.

7-8. Nemanya Yovanovich (9) + Shavkat Salomov (8) = 17 gol
“Olmaliq” mavsum davomida 53 ta gol urdi va bu borada faqatgina “Paxtakor” va “Lokomotiv”dan orqada qoldi xolos. Klub chempionatni 6-pog‘onada tugatdi. Jamoa legioneri Yovanovich chempionatda 9 ta gol urgan bo‘lsa, uning hujumdagi sherigi Shavkat Salomov o‘z hisobiga 8 ta gol yozdirib qo‘ydi.

7-8. Shahzodbek Nurmatov (10) + Ayubxon No‘monov (7) = 17 gol
Mavsum davomida katta shov-shuvlarni ko‘targan “Metallurg” 9-o‘rinni egalladi. Jamoaning ikki hujumchisi Shahzodbek Nurmatov hamda Ayubxon No‘monovlar umumiy hisobda 17 ta gol urishdi. Bekobodliklar mavsum davomida 44 gol kiritishgan.

6. Dostonbek Hamdamov (10) + Vohid Shodiyev (8) = 18 gol
“Bunyodkor” bu mavsumda medallarsiz qolib ketdi. Lekin jamoaning chiroyli o‘yini muxlislarga dalda bo‘ldi. Dostonbek Hamdamov va Vohid Shodiyev birgalikda 18 ta gol kiritishga erishdilar. E'tiborli jihati Hamdamov bu yil Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lishi mumkin!

5. Shahboz Erkinov (13) + Ulug‘bek Baqoyev (7) = 20 gol
Turnir jadvalining ekvatoridan joy olgan “Navbahor” chempionatda 40 ta gol urdi. Gollarning yarmi esa hujumdagi ikki futbolchiga tegishli bo‘ldi. Shahboz Erkinov 13 ta golga mualliflik qilib, eng yaxshi to‘purarlar poygasida 4-o‘rinni egalladi. Uning hujumdagi sherigi Ulug‘bek Baqoyev esa mavsumni 7 ta gol bilan yakunladi.

4. Ilhom Shomurodov (12) + Artur Gevorkyan (11) = 23 gol
Qarshining “Nasaf” jamoasi ushbu mavsumda ham bronza medalini qo‘lga kiritdi. Klubning “9” raqamli futbolchisi Ilhom Shomurodov 12 marta o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. O‘tgan yili 17 gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘lgan Artur Gevorkyan esa bu mavsumda 11 marta darvozabonlarni ranjita oldi xolos.

3. Bahriddin Vahobov (21) + Navruzbek Alimov (3) = 24 gol
Birinchi turdan 29-turga qadar to‘purarlar poygasida “Qizilqum” hujumchisi Bahriddin Vahobov peshqadamlik qilib keldi. Afsuski u so‘nggi turda gol ura olmay mavsumni 2-to‘purar sifatida yakunladi. Ikkinchi davrada “Paxtakor”dan “Qizilqum”ga qaytgan Navruzbek Alimov dastlabki o‘yinlarda gol urayotgan edi. Biroq u ham oxirgi o‘yinlarda “yo‘qolib” qoldi. Navoiyliklar chempionatda 10-o‘rinni egallashdi.

2. Sanjar Shoahmedov (14) + Marat Bikmayev (11) = 25 gol
“Lokomotiv” mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Klub hujumchisi Sanjar Shoahmedov chempionatda o‘z hisobiga 14 ta gol yozdirib qo‘ydi va mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. Uning hujumdagi sherigi Marat Bikmayev esa 11 ta golga mualliflik qildi. Natijada Babayan Maratni yana termaga qaytardi.

1. Igor Sergeyev (23) + Stanislav Andreyev (8) = 31 gol
Mavsumning eng sermahsul hujum juftligi “Paxtakor”chilar bo‘lishdi. Igor Sergeyev chempionatda 23 ta gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. Terma jamoamiz muxlislarining “yoqimtoyi” Stanislav Andreyev esa 8 marta raqib posbonlarini dog‘da qoldirgan. Ushbu ikkala futbolchi “sherlar”ning chempionligiga munosib hissalarini qo‘shishdi.

Furqat Yusupov / sports.uz

Top