09:45 / 28.11.2015
2399

Osiyo futbol konfederatsiyasi FIFA prezidenti saylovlarida OFK prezidenti shayx Salmon nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) FIFA prezidenti saylovlarida OFK prezidenti shayx Salmon ibn Ibrohim al-Halifa nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda AP agentligi ma'lum qildi. Bu qaror 27 noyabrda bo‘lib o‘tgan OFK ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilindi.

Avvalroq FIFA prezidenti nomzodiga yana bir nomzod – UYeFA bosh kotibi Janni Infantino Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMeBOL) tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqidagi va'dasini oldi.

FIFA prezidenti saylovlari 2016 yil 26 fevralda tashkilotning navbatdan tashqari kongressida o‘tkaziladi. FIFA ijroiya qo‘mitasi 12 noyabrda saylovlarda ishtirok etadigan 5 nomzod nomini tasdiqladi. Ular: shayx Salmon ibn Ibrohim al-Halifa, UYeFA bosh kotibi Janni Infantino, Iordaniya shahzodasi Ali ibn al-Husayn, FIFA bosh kotibining sobiq o‘rinbosari fransuz Jyerom Shampan, JARning sobiq uy-joy qurilishi vaziri va Nelson Mandelaning safdoshi Tokio Seksvale.

Ushbu ro‘yxatga saylovlarda qatnashish uchun ariza topshirgan UYeFA prezidenti Mishel Platini kiritilmadi. FIFA ijroiya qo‘mitasi 90 kunga futbol faoliyatidan chetlatilgan fransuz nomzodini undan barcha sanksiyalar olinmaguncha ko‘rib chiqmaydi.

FIFA prezidentligidan vaqtinchalik chetlatilgan Yozef Blatter vazifasini hozirda Afrika futbol konfederatsiyasi prezidenti, kamerunlik Issa Hayatu vaqtinchalik bajarmoqda.

Top