15:58 / 30.11.2015
2283

Infantino FIFA prezidentligiga saylansa, birinchi kundanoq islohotlarni boshlashga va'da qildi

FIFA prezidentligi uchun saylovda nomzodlardan biri bo‘lmish UYeFA bosh kotibi Janni Infantino saylovda g‘olib bo‘lsa, FIFAda jiddiy islohotlar o‘tkazishini ma'lum qildi.

"Saylovda g‘alaba qilsam, birinchi kundanoq, 27 fevral kunidan men islohotlarni boshlab yuboraman. Yaxshi boshqaruv, moliyaviy shaffoflik, strukturadagi o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega. UYeFAda ishlab, men bu ishlar bilan har kuni shug‘ullanaman", — deydi Infantino.

Ma'lumot uchun, FIFA prezidentligi uchun saylov 2016 yilning 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov uchun 5 kishining nomzodi ro‘yxatga olingan. Ular: shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa, Janni Infantino, Iordaniya shahzodasi Ali bin al-Husayn, FIFA bosh kotibining sobiq o‘rinbosari va JARlik futbol amaldori Tokio Seksvale.

FIFA prezidentligi uchun UYeFA rahbari Mishel Platini ham o‘z nomzodini qo‘ygandi. Biroq, oktabr oyi boshida FIFA Axloq qo‘mitasi Mishel Platini hamda FIFA prezidenti Yozef Blatterni 90 kunga futbol faoliyatidan chetlashtirgandi.

Eslatib o‘tamiz, Blatter va Platini deklaratsiya to‘ldirmagan holda, og‘zaki kelishuvga asosan 2 million shveysariya franki miqdorida mablag‘ni Platini hisobiga o‘tkazib berishda ayblanib, yuqorida qayd etilgan jazoga tortilgandi.

Ayni vaqtda tashkilotni vaqtinchalikka Afrika Futbol konfederatsiyasi rahbari, kamerunlik Issa Hayatu boshqarmoqda.

Top