21:55 / 30.11.2015
5541

Qozog‘iston Milliy banki 1 dekabrdan 20 ming tangalik qog‘oz pulni muomalaga kiritadi

Qozog‘iston Milliy banki 2015 yil 1 dekabrdan 20 ming tangalik qog‘oz pulni muomalaga kiritmoqda, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda nur.kz nashri.

“Qozog‘istonning birinchi prezidenti davlat bayrami munosabati bilan Qozog‘iston Milliy banki 2015 yil 1 dekabrdan 20 ming tangalik qog‘oz pulni muomalaga kiritmoqda”, deyilmoqda xabarda.

Milliy bankda bu qog‘oz pul 2013 yildayoq tayyorlangani eslatib o‘tildi.

“Bu qog‘oz pul muomalaga kiritilgandan keyin boshqa pul birliklari bilan bir qatorda qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi hamda barcha to‘lovlar va pul o‘tkazmalarida qabul qilinishi shart”, deb aytilmoqda xabarda.

Banknota dizayni muomalada bo‘lgan boshqa banknotalar bilan bir uslubda bajarilgan: pulning old tomoni aksariyat vertikal chiziqlardan, orqa tomoni gorizontal chiziqlardan iborat. Banknota o‘lchami 155x79 mm. U kulrang-ko‘k ranglarda ishlangan.

Old tomonida “Qazaq Yeli” yodgorligi, qanotli ot va Mәңgіlіk Yel tantanavor arkasi asosiy tasvirlar hisoblanadi. “Qazaq Yeli” tarixiy-yodgorlik majmuasi Qozog‘iston mustaqilligining ramzi bo‘lib, Ostonaning 10 yillik yubileyi arafasida ochilgan. Yodgorlik toshi balandligi 91 metr bo‘lib, Qozog‘iston mustaqillikka erishgan 1991 yilni bildiradi.

Banknotaning chap yuqori qismida qanotli ot tasvirlangan. Qanotli ot ko‘p xalqlarda, jumladan turkiyzabon va ko‘chmanchi xalqlarda sof nur va hayot, ilhom va hosildorlik, maqsadga intiluvchanlik va hokimiyat ramzi sifatida qabul qilingan.

Banknotaning orqa tomonida asosiy tasvir sifatida Qozog‘iston xaritasi va Ostonaning Oqo‘rda, Parlament va Hukumat binolari manzaralari namoyon bo‘lgan.

Yangi banknota qozoq tangasi pul birliklari ichida eng himoyalangani va dunyo bo‘yicha eng himoyalanganlardan biri hisoblanadi.

Banknotani himoya qilish uchun qalbakilashtirishdan himoyalash sohasidagi eng oxirgi innovatsiyalardan foydalanilgan. Banknotaning old tarafidagi himoyalovchi elementlar sifatida uni yorug‘likka tutganda ikki tomondan ko‘rinuvchi Samruq afsonaviy qushi ko‘rinishidagi suv belgisi va qushning shaffof oyna ko‘rinishidagi konturi hizmat qiladi. Banknota dizaynining tovlanuvchi elementlari qanotli ot, qozoq naqshi va tovlanuvchi himoya ipi ko‘rinishida bajarilgan.

Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydiganlar uchun banknotaning o‘ng tomoniga ushlaganda seziluvchi 7 ta baland relefli uchburchak tushirilgan.

Top