09:34 / 01.12.2015
2064

AQSh Davlat departamenti Xillari Klinton elektron maktublarining navbatdagi 5 ming sahifasini chop etdi

AQSh Davlat departamenti 30 noyabrda Xillari Klintonning shaxsiy elektron qutisidagi elektron maktublarning 5 ming sahifasini ochiq foydalanishga qo‘ydi. Avvalgilari kabi bu maktublar Klinton tomonidan qabul qilingan va yuborilgan maktublarni o‘z ichiga olgan.

Mahalliy OAVlarning guvohlik berishicha, bu 5 ming sahifadan 6 foizigina oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bu gal maxfiylashtirilgan maktublarning asosiy qismi Klintonning Davlat departamenti xodimlari bilan yozishmalarining bir qismi bo‘lgan. Biroq ulardan ba'zilari Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler, AQShda mashhur siyosiy texnolog, Xillari Klinton va uning turmush o‘rtog‘i Bill Klinton bilan ishlagan Sidney Blyumentalga atalgan bo‘lgan. Bu maktublarda Shimoliy Irlandiyadagi tinchlik muzokaralari haqida so‘z yuritilgan.

Klinton AQSh Davlat departamentiga 55 mingta ishchi yozishmalarini bergan, o‘zining 30 mingdan ko‘proq elektron maktublarini o‘chirib tashlagan va buning uchun qattiq tanqidga uchragandi.

Endi Davlat departamenti qolgan maktublarni bo‘lib-bo‘lib chop etmoqda. Bu jarayon 2016 yil yanvarida o‘z nihoyasiga yetishi mumkin.

Top