18:47 / 01.12.2015
7460

Klichko Fyuri bilan jangda o‘zining mag‘lubiyatiga pul tikkanlikda gumon qilindi

Rossiyalik promouter va boks janglari tashkilotchisi Vladimir Xryunov ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoni britaniyalik Tayson Fyuri bilan jangdan oldin totalizatorda o‘zining mag‘lubiyatiga pul tikkanlikda gumon qilmoqda. Bu haqda “Sport-Ekspress” nashri ma'lum qildi.

Xryunov bunday qarorga kelishidan avval bukmekerlik idoralarining ma'lumotlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan va bu biznes bilan shug‘ullanuvchi o‘zining britaniyalik tanishlari bilan suhbatlashgan. Uning ta'kidlashicha, Fyurining g‘alabasiga 4 mln funt sterlingdan ko‘proq pul tikilgan va bu uning fikricha, g‘ayritabiiy katta miqdor hisoblanadi.

“Ko‘rinishicha, Fyurining g‘alaba qozonishiga juda yaxshi koeffitsiyentlarda endilikda sobiq chempioni mo‘maygina pul ishlab olish imkoniyatidan foydalangan. U shundoq ham ringga chiqqaniga katta pul olgan, bu yerda esa uni 2 barobar ko‘paytirib olish imkoniyati paydo bo‘lgan. Esdan chiqarmaslik kerak, aka-uka Klichkolar professional boks tarixida eng katta biznes-loyihani yaratishgan va istalgan vaziyatda daromad olishni hisobdan chiqarishmaydi”, deb aytdi Xryunov.

“Bukmekerlar reytingi” ma'lumotlariga ko‘ra, Fyuri ham jang oldidan o‘zining g‘alabasiga 200 ming funt sterlingga bahs boylagan. Biroq 27 yoshli britaniyalik o‘zining boy qarindoshi bilan garov o‘ynagan. Bokschining g‘alabasiga ishonmagan, nomi aytilmagan uning qarindoshi ham uning mag‘lubiyatiga shuncha pul tikkan.

Jangni boy bergan 39 yoshli Klichko barcha chempionlik unvonlaridan mahrum bo‘ldi.

Top