15:52 / 01.12.2015
5919

Mavritaniya prezidenti futbol bo‘yicha Superkubok uchun o‘yinni 63-daqiqada to‘xtatib, penaltilar seriyasini boshlashga buyruq berdi

Mavritaniya mamlakati prezidenti Muhammad ul Abdul Aziz xohishiga ko‘ra, mamlakat superkubogi uchun kechayotgan uchrashuv 63-daqiqada to‘xtatilib penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘olib aniqlandi. Bu haqda Bleacher report nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, mamlakat prezidenti «Tevrag-Zeyna» va «Aks Ksar» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga tashrif buyurgan. O‘yinning 63-daqiqasida, hisob 1:1 ko‘rinishi olgan paytda o‘yin to‘xtatilib, penaltilar seriyasi o‘tkazilgan.

Talqinlardan biriga ko‘ra, prezident o‘yinning borishidan juda ham zerikkanidan shunday buyruq berishga qaror qilgan, boshqa talqinga ko‘ra u Mavritaniyaning fransuzlar qo‘lidan ozod bo‘lganiga 55 yil to‘lishini tezroq nishonlash va g‘olib nomini bilmasdan ketishni istamagani uchun shunday qarorga kelingan.

Keyinroq, Mavritaniya futbol federatsiyasi prezidenti bu prezidentning shaxsiy buyrug‘i tufayli bo‘lganini inkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub murabbiylari va prezidentlari yig‘ilishib bu qarorga kelishgan.

Penaltilar seriyasiga ko‘ra «Tevrag-Zeyna» klubi g‘alabani qo‘lga kiritgan.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, Muhammad ul Abdul Aziz Mavritaniyani 2009 yildan buyon boshqarib keladi.

Top