11:27 / 01.12.2015
16775

O‘zbekistonda navbatdagi kichik zilzila sezildi

Toshkentda va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida 1 dekabr, seshanba kuni mahalliy vaqt bilan 11:16 da kuchsiz yerosti silkinishlari sezildi.

Hozircha “Toshkent” seysmik stansiyasida bu haqda ma'lumot berilmagan.

Yevropa-o‘rtayerdengizi seysmologiya markazining ma'lum qilishicha, zilzila episentri Qirg‘iziston hududida bo‘lgan. Qo‘shni davlatning Jalolobod tumani hududida 5,3 balli yerosti silkinishi qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan va Andijon viloyatlari hududida zilzila kuchi 2-3 ball atrofida bo‘lgani haqida taxminlar bildirilgan.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda episentri Qirg‘izistonda bo‘lgan bir necha zilzilalar sezildi. Jumladan, 17 noyabr kuni 22:29 da Toshkentda 2,5—3 balli, 20 noyabr kuni 9:46 da esa 2 balli zilzilalar sezildi. 21 noyabr kuni ham Toshkentda 2 balldan kamroq, Namanganda 3 ballik zilzila sezilgandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldinroq O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti Toshkentda 10 balli zilzila bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni inkor qilgandi.

Top