11:21 / 01.12.2015
3454

Yashnoboddagi MChJlardan birining noqonuniy faoliyati fosh qilindi

Toshkent shahar Yashnobod tuman DSI tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida 1977 yilda tug‘ilgan Shoyoqub Haydarov boshchiligidagi MChJlardan birida amalga oshirilgan g‘ayriqonuniy ishlar fosh etildi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, rahbar 1984 yili tug‘ilgan Ahmadjon Ibragimov bilan birlashib, bir qator noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan. Bular sirasiga mahsulotni naqd pulga sotib olish, daromadlar va soliq to‘lovlari haqidagi hujjatlarni soxtalashtirish, kreditga olingan pullar bilan spekulyatsiya qilish singarilar kiradi.

Yuqorida tilga olingan shaxslarning davlat manfaatlariga yetkazgan zarari 400 mln so‘mni tashkil qildi.
Sud tomonidan jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati faktlari to‘liq isbotlab berildi, deb ta'kidlanadi xabarnomada.

Top