16:15 / 02.12.2015
4809

2015 yil 3 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi

2015 yil 3 dekabr kuni ertalab soat 10.00 da Toshkent shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining majlislar zalida ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zolari 2015 yil 2 dekabr kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosining foyesida ro‘yxatga olinadi.

Senat yalpi majlisining muhokamasiga aholi turmush darajasining yanada oshirilishini va uning ijtimoiy himoya qilinishi kuchaytirilishini, iqtisodiyotning yuqori hamda barqaror sur'atlarini, aholi bandligini ta'minlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi Davlat byudjyeti to‘g‘risidagi, shuningdek 2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalarning kiritilishi rejalashtirilgan.

Senat yalpi majlisining kun tartibiga mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini bosqichma-bosqich isloh qilishga va erkinlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlari kiritilmoqda. «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi (yangi tahriri) qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish,

shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi, «Veterinariya to‘g‘risidagi»gi (yangi tahriri), «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishni, davlat qurilishi asoslarini mustahkamlashni, investitsiya imkoniyatlari va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni, tadbirkorlikni rivojlantirishni, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali rivojlantirishni, aholining hayoti va salomatligi qo‘riqlanishi ta'minlanishini, sud-huquq sohasi takomillashtirilishini nazarda tutuvchi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotini muhokama qiladilar.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Top