16:47 / 02.12.2015
4936

Asqar Tolibjonov Moldova bilan o‘rtoqlik uchrashuvi haqidagi xabar asossiz ekanligini aytdi

O‘zbekiston terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov "Futbol Ekspress" gazetasiga intervyu berdi. Bu haqda championat.asia sayti xabar tarqatgan.

U terma jamoaning Moldova bilan o‘rtoqlik uchrashuvi haqidagi ma'lumot asossiz ekanini aytgan.

"Bu ma'lumot asossiz. Qayerdan oldinglar bilmadim. Moldaviya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tish borasida hech qanday ma'lumot berganimiz yo‘q. Lekin kelasi yili kuchli raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini albatta o‘tkazamiz va buni dasturimizga kiritganmiz", deydi Tolibjonov muxbirning milliy terma jamoa 2016 yili dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini Moldovaga qarshi o‘tkazishi haqida aniqlik kiritishini so‘rab bergan savoliga.

U shuningdek terma jamoa o‘yinlari nega yangi "Bunyodkor" stadionida emas, "Paxtakor" stadionida o‘tkazilganiga ham izoh bergan.

"To‘g‘ri, joriy yilda JCh-2018 saralashi bosqichidagi ikkita uchrashuvni "Paxtakor" stadionida o‘tkazdik. Maydonning holatiga qarab shunday qarorga keldik. Albatta, kelasi yili maydonning holati yaxshi bo‘lsa, o‘yinlarni "Bunyodkor" stadionida ham o‘tkazamiz", - deydi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘FF rasmiy sayti 25 noyabr kuni Moldova va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida 2016 yilning 9 fevral sanasida, Turkiyaning Antaliya shahrida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergandi.

Kecha Moldova FF vitse-prezidenti Ion Testemitsanu O‘zbekiston bilan kelishuv bo‘lganini ta'kidladi.

O‘zbekiston FF matbuot xizmati rahbari Sanjar Rizayev esa Moldova-O‘zbekiston o‘yinini avtorizatsiya qilishi uchun O‘FF FIFAga ham xabar berganini bildirgan.

 

Top