17:12 / 02.12.2015
2923

Yamanda davlat to‘ntarilishida ayblanayotgan prezident ustidan sud boshlandi

Xusiychi jangarilar nazorati ostidagi Yamanning Sano shahrida mamlakatning yuqori rahbariyati, jumladan, prezidenti ustidan davlat to‘ntarilishi aybi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi, deya xabar tarqatdi Sputnik agentligi suddagi o‘z axborot manbasi ma'lumotiga tayangan holda.

Ayni paytdagi Yaman hukumati o‘z ishini jangarilar qo‘lidan ozod qilingan mamlakat janubidagi yirik Adan shahrida faoliyat yuritmoqda. Ushbu shaharga prezident Hodiy ham Saudiya Arabistonidan qaytib kelgan. Poytaxt Sano shahri esa hamon Yamanning sobiq rahbari Ali Abdulla Solih tarafdorlari hisoblangan xusiychilar qo‘lida qolmoqda.

“Bosh prokuratura davlat rahbariyatining yetti nafar a'zosiga tegishli hujjatlarni sudga taqdim etdi. Terrorizm va davlat xavfsizligi masalalariga ixtisoslashgan jinoiy sud bugun davlat to‘ntarilishi va mamlakatni vayron qilishda “saudiyalik dushmanlar”ga ko‘mak ko‘rsatganlik aybi bilan jarayonlar bo‘yicha birinchi majlisini boshladi”, - dedi axborot manbasi.

Ayblov Yaman prezidenti Abd Robbu Mansur Hodiy, uning uch nafar maslahatchisi, sodiq Tashqi ishlar vaziri Riyad Yasin, Yamanning AQShdagi elchisi va mamlakat milliy xavfsizlik mahkamasi rahbariga nisbatan e'lon qilingan.

Top