00:02 / 03.12.2015
26812

Rossiyaning urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchisi o‘limining aniq sababi o‘rnatildi

Sud-tibbiyot mutaxassislari Suriyada turk harbiy samolyoti tomonidan urib tushirilgan Su-24 samolyotining halok bo‘lgan uchuvchisi Oleg Peshkov hayotining oxirgi lahzalari tasvirini tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda huquq-tartibot muassasalaridagi manba xabar bermoqda.

Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, mutaxassislar Peshkov tanasida 8 ta o‘q jarohati aniqlashgan. O‘qlarning bir qismi urinib o‘tgan, qolganlari esa o‘pka va oshqozon sohasi a'zolariga shikast yetkazgan holda teshib o‘tuvchi bo‘lgan. Bundan tashqari, uchuvchi tanasida ko‘plab jarohatlar va qontalashlar aniqlangan.

Shifokorlar uchuvchining o‘limi vaqtini ham yetarlicha aniqlik bilan o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar. Manbaning aytishicha, uchuvchi 24 noyabrning soat 10.00 dan 11.30 gacha oralig‘ida jon bergan.

Eslatib o‘tamiz, Su-24 bombardimonchi samolyoti 24 noyabrda urib tushirilgandi. Samolyot shturmani Konstantin Muraxtin tirik qolgan. Uchuvchilarni qutqarish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyada vertolyot bortida bo‘lgan yana bir rossiyalik harbiy halok bo‘lgan.

Top