19:35 / 03.12.2015
7534

Sohib Abbosxon: san'atkorga oson tutmang!

“Mening yurtim” telekanali rejissyori Sohib Abbosxon xonanda Jahongir Poziljonov bilan bog‘liq ravishda tarqalgan ayrim gap-so‘zlarga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, xonandaning onasi vafot etganidan so‘ng qisqa muddat o‘tib, uning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida joylashtirgan suratlarida kayfiyati chog‘ligi aks etgan edi. Bu muxlislarda ayrim savollarni keltirib chiqardi. Internetda muhokamalar kelib chiqdi. Buning ustiga, oradan ko‘p o‘tmay, Poziljonov “Mening yurtim” telekanalida Love Story ko‘rsatuviga boshlovchilik qildi.

Bu holatni tushuntirar ekan, Sohib Abbosxon san'atkorning professional burchi shuni taqozo qilishini ta'kidlab o‘tdi.

“San'atkorga oson tutmang! – dedi u. – U gohida qalbi dard-alamga to‘lib tursa-da, sizni kuldirishga, sizga quvonch ulashishga majbur bo‘lishi mumkin”.
“Jahongirning volidasi vafot etgan kunlari efirga ketgan ko‘rsatuv aslida ikki hafta oldin yozib olingan, - tushuntirda rejissyor. – Xalqimizda marhumning xonadonida uch kun fotihagarchilikka turiladi. Ma'rakalarni o‘tkazib, keyin boshqa ko‘rsatuvni tasvirga olish jarayonida qatnashgan bo‘lishi mumkin. Sababi uning san'atkorlik burchi shuni taqozo qiladi. Agar u boshqa biror kasb egasi bo‘lganida uning tezda ishga chiqqani hech kimni qiziqtirmagan bo‘lardi. San'atkorligi uchun ko‘pchilikning nigohi unga qadalgan bo‘ladi”.

Sohib Abbosxon boshqa mashhur san'atkorlar, jumladan, Obid Jalilov, Komiljon Otaniyozov va Zikir Muhammadjonovlarning hayotida ham shunday vaziyatlar kuzatilganinin eslatib o‘tdi.

Top