12:29 / 04.12.2015
4410

Taniqli arxitektor va rassom Rafael Xayrutdinov olamdan o‘tdi

O‘zbekistonlik taniqli arxitektor va rassom Rafael Xayrutdinov Toshkentda 83 yoshida dunyodan ko‘z yumdi. Bu haqda Kultura.uz manbasiga asoslangan holda O‘zbekiston rassomlari akademiyasi saytida xabar berilgan.

Rafael Xayrutdinov o‘z ijodiy faoliyati davomida 50dan ortiq me'morlik loyihalari bo‘yicha ishlagan, ulardan 15tasi Toshkent va boshqa shaharlarni bezab turibdi.

Xususan, uning bevosita ishtiroki va hammuallifligida Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zali, Kino uyi, Benkov nomli badiiy o‘quv yurti binolari kabi yirik loyihalar amalga oshirilgan.

Shuningdek, uning rahbarligida ko‘plab mehmonxona va istirohat bog‘lari, poytaxtdagi Qoratosh mavzesi, Mirobod bozori, Nukus ko‘chasidagi maishiy xizmat uyi va boshqa obektlarning loyihalari ishlab chiqilgan.

Xayrutdinov o‘z mehnat faoliyatini 1957 yilda "Uzgosproyekt"da boshlagan, 1964 yilda esa "Tashgiprogor" institutida Toshkent shahrining yangi markazini loyihalashtirish bo‘yicha tuzilgan guruhga jalb etilgandi.

Badiiy akademiya markaziy ko‘rgazmalar zalida shaxsiy ko‘rgazmasi ochilishiga atigi ikki kun qolgandi.

Bugun ochilgan ko‘rgazmada uning xotirasi uchun 1 daqiqalik sukut saqlangan. Marosimda rassomlar Akmal Nur va Vladimir Chub, Markaziy ko‘rgazmalar zali direktori o‘rinbosari Lyudmila Kodzayeva hamda arxitektor Sergo Sutyagin nutq so‘zlashgan.

Top