10:33 / 05.12.2015
4406

Bosh prokuror: hisobot davrida 87 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi

2015 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Yalpi majlisning ikkinchi kunida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar.

Senat Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, hisobot davrida qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan 17 mingdan ortiq tekshiruv yakunlariga ko‘ra prokuratura organlari tomonidan 115228 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanildi, 87094 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Davlat organlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan 19578 ta hujjati ustidan arz qilindi. Natijada keyinchalik ushbu hujjatlar bekor qilindi yoki qonun hujjatlariga muvofiq holga keltirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 mayda qabul qilingan farmonini ijro etish maqsadida Bosh prokuratura huzurida fuqarolarning, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qiladigan elektron tizim yaratildi va samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tezligini ta'minlash maqsadida ushbu tizimga 34 ta idora, prokuratura organlarining viloyat va tuman bo‘linmalari ulandi. Har bir murojaatning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi on-layn rejimda nazorat qilinmoqda.

Top