11:23 / 06.12.2015
27023

Islom Karimov: xalqimiz har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi

Xabaringiz bor, 2015 yilning 5 dekabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tantanali yig‘ilishda ma'ruza qildi.
Quyida mazkur yig‘ilishda prezidentimiz tomonidan bildirib o‘tilgan ayrim fikr-mulohazalarni e'tiboringizga havola etmoqchimiz.

Hayotimiz qomusi bo‘lmish Konstitutsiyamizni yuksak qadrlashimizning sababi avvalo uning kommunistik mafkura asosiga qurilgan eski ma'muriy-buyruqbozlik va taqsimot usulidan, mustabid tuzumdan butunlay voz kechganimizni e'lon qilib, biz uchun yangi davlat va jamiyat qurishning eng muhim prinsip va maqsadlarini, vazifa va normalarini belgilab berganida, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shuni aytish kerakki, bu yo‘lda bizning oldimizda turgan asosiy vazifamiz – boshlagan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, eskicha qarashlardan, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan boshqaruv usullaridan butunlay voz kechishdir.

Barchamiz bir haqiqatni esdan chiqarmasligimizni istardim. Ya'ni, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini isloh etish va demokratlashtirish jarayoni bir urinishda hal bo‘ladigan, bajariladigan vazifa emas.

Afsuski, ko‘p holatlarda bu qonunlarga muvofiq belgilangan normalarni qanday vaziyatda qanday qo‘llash lozimligini ko‘rsatib beradigan huquqiy mexanizmlarni, qonunosti hujjatlarini, sodda qilib aytganda, qabul qilingan qonunlarni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlab beradigan hujjatlarni qabul qilishni keyinga suramiz.

Konstitutsiyamizda bizning bosh maqsadimiz – faqat huquqiy demokratik davlat emas, balki adolatli jamiyat qurish ekani aniq-ravshan belgilab berilgan. Bu maqsad hayotimizda mustahkam qaror topgan oddiy haqiqatdan, ya'ni xalqimiz har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi, degan so‘zlarni yaqqol tushunishdan kelib chiqqan, desam, o‘ylaymanki, butun el-yurtimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Va aksincha, agar qonun bajarilmasa, qonunda bir narsa yozilib, hayotda hammasi boshqacha bo‘lsa, odamlarning Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda muhrlab qo‘yilgan adolat va demokratiya normalariga nisbatan har qanday ishonchi yo‘qoladi. Bunday holat barchamizga ayon. Qonun va qonun ustuvorligi bo‘lmagan joyda avvalo uning o‘rnini korrupsiya degan balo egallaydi.

Hech kimga sir emas, shuni ham tan olishimiz kerak – kundalik hayotimizda hali-beri qonunga rioya qilmaslik, qonun va qonuniylikning, adolat mezonlarining amalda qo‘pol ravishda buzilishi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan o‘z burchiga sovuqqonlik bilan qarash qonunbuzarlikka olib kelishi bilan bog‘liq holatlar, afsuski, kam emas.

Odamlar nima haqida ariza yozmoqda? Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy qarorlar qabul qilayotganidan, bu idoralarning mansabdor shaxslari qo‘pol muomalada bo‘layotganidan, aholi murojaatlari ular tomonidan to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotganidan shikoyat qilmoqda. Fuqarolar tergov organlari tomonidan tergov harakatlarini amalga oshirishda protsessual qonunchilikni qo‘pol ravishda buzish bilan bog‘liq faktlar borligini ko‘rsatmoqda.

Mana shunday va boshqa ko‘plab misollar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘zlarining asosiy vazifasi, avvalo, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlash, qonun hujjatlarining talab va normalariga so‘zsiz rioya etish ekanini teran anglab olishi uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerakligidan dalolat beradi.

Hech shubhasiz aytish mumkin – xususiy mulk, kichik biznes egalari, tadbirkorlarimizning yo‘lini yanada kengaytirib beradigan bunday qaror va tadbirlarimizni ko‘paytirishimiz va samaradorligini oshirish bugungi kunda eng dolzarb vazifamizga kiradi.

Hammamiz shuni tan olishimiz kerak, jamiyatda qonuniylik, qonun ustuvorligini to‘liq ta'minlashning eng muhim shartlaridan biri – bu odamlarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni shu ruhda kamol toptirish, fuqarolarning qonunni puxta bilishi, yuksak huquqiy ong va madaniyatga ega bo‘lishidan iborat. Buni esimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Manba: UzA

Top