23:07 / 06.12.2015
4362

O‘zbekistonda 2016 yilda 992,7 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi yig‘ilishida 2016 yilda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi ko‘rib chiqildi va ma'qullandi. Ushbu dasturda aholini ish bilan ta'minlashning yangi metodlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Jumladan, sayyohlik tarmog‘ida sayyohlarni jalb qilish maqsadida O‘zbekistonning chekka hududlarida ekosayyohlik va xalq hunarmandchiligini rivojlantirish hisobiga 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. 

Umuman dasturga ko‘ra 2016 yilda 992,7 ming kishini ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan, ulardan 511,5 ming nafarini ta'lim muassasalari bitiruvchilari tashkil qiladi.

Aniqroq aytiladigan bo‘lsa:
- 397 ming ish o‘rni yangi korxonalarni yaratish dasturini amalga oshirish hamda mavjud korxonalarni qayta jihozlash va yangi mahsulot ishlab chiqarish uchun modernizatsiyalash hisobiga;
- 338 ming ish o‘rni kichik korxona, mikrofirma va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga;
- 143 ming ish o‘rni kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga;
- 114 ming ish o‘rni fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va kengaytirish hisobiga yaratiladi.

Dasturda alohida e'tibor Bandlikka qo‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobiga fuqarolarni qayta tayyorlash va o‘rgatishga qaratilgan. Keyingi yilda bu yo‘nalishda 20 mingdan ko‘proq odamni ishga joylash bilan o‘qitish va qayta tayyorlash rejalashtirilgan. Bunga bandlikka ko‘maklashish markazlari hisobiga erishiladi. Bu markazlar mutaxassislari korxonalarda eng talab katta bo‘lgan mutaxassisliklarni aniqlab, aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha ish izlovchilarni o‘qitishadi.

Top