16:32 / 07.12.2015
5108

TATUda dasturlash bo‘yicha jahon chempionati yarim final musobaqalari bo‘lib o‘tdi

2015 yilning 5-6 dekabr kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Shimoliy-Sharqiy Yevropa guruhida dasturlash bo‘yicha jahon chempionati yarim final bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bunda O‘zbekistondan 26ta jamoa, Qozog‘istondan 24ta jamoa va Qirg‘izistondan 2ta jamoa final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurashdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 1-jamoasi “Tahskent U of IT 1” (Bozorboyev O., Toshkanov A., Samadov S.) 7ta masala ishlagan holda birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘istonning Kazakh-British TU 1 va Kazakh-British TU 4 jamoalari 7 va 6 ta masala ishlagan holda ikkinchi va uchunchi o‘rinlarni egallashdi.
Musobaqa bir vaqtning o‘zida Sankt-Peterburg, Barnaul va Tbilisi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumot uchun, musobaqa reglamentiga ko‘ra jamoalarga 5 soat mobaynida turli xil 12ta masala beriladi va jamoalar masalalarni belgilangan dasturlash tillari yordamida eng kam vaqt sarflab yechishlari lozim bo‘lar edi. Shimoliy-Sharqiy Yevropa guruhida eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan jamoalardan final bosqichiga tanlab olinadi va tez orada e'lon qilinadi. Finalga bitta oliy ta'lim muassasasidan faqatgina bir jamoa qatnashishi mumkin.
Eslatib o‘tish joizki, dasturlash bo‘yicha jahon chempionati finaliga yo‘llanmani O‘zbekiston jamoalaridan faqatgina Moskva davlat universitetining Toshkent filiali 1- jamoasi 2013 yilda qo‘lga kiritgan.

Musobaqaning yakuniy natijalarini ushbu havola orqali ko‘rish mumkin. 

Tayyorladi: Maxmudov Anvarjon, Abdullayev Alisher

 

Top