10:27 / 08.12.2015
3529

3 mingdan ziyod koreyslar Volkswagen`ni sudga berib, pullarining qaytarilishini talab qilmoqda

Janubiy Koreyaning 3 ming nafardan ziyod fuqarosi avtomobillardagi ekologik sinovlar natijasini soxtalashtirish bilan bog‘liq mojarolar sabab Germaniyaning Volkswagen konsernini sudga berdi. Ular savdo-sotiq to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilib, xarid qilingan avtomobillar pulini to‘liq qaytirishni talab etishmoqda. Bu haqda jabrlanganlarning advokati Xa Yen Sun ma'lum qildi.

“3,2 ming kishi jamoaviy da'voga qo‘shildi, ular soni o‘sishda davom etmoqda”, - dedi u.
Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, nemis kompaniyasi kechirim so‘rash ko‘rinishida shimoliy amerikalik mijozlariga ehtiyot qismlar uchun ming dollarlik chegirma, bepul ta'mir va boshqalarni taklif etayotgani koreyslarning nafsoniyatiga tegib ketgan. Boshqa mintaqalar, jumladan, Janubiy Koreyada nosoz avtomobillar egalari hech qanday konpensatsiyalar olishmagan. Bu esa, o‘z navbatida, Germaniya kompaniyasi tomonidan kamsitilishga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblanishga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, Volkswagen o‘zining dizelli avtomobillariga atmosferaga chiqariladigan gazlardagi zararli moddalar miqdorini kamaytirib ko‘rsatadigan dasturiy ta'minot o‘rnatishda ayblangan edi. Janubiy Koreyada ham 2009-2015 yillarda mazkur sifatga ega 125 ming avtomobil sotilgan.

Top