18:46 / 08.12.2015
12688

OAV 10 pachkasi 2 ming so‘mga sotilayotgan “vitamin”larning kelib chiqishiga qiziqib ko‘rdi

Ma'lumki, bugun bozorlarda va do‘konlarda “vitamin” nomi ostida, dori singari pachkalarga qadoqlangan va shunday shaklga ega mahsulotlar sotiladi. Ular asosan bolalarga mo‘ljallanib, shirinlik o‘rnini bosadi. “Oila davrasida” nashri muxbiri bu mahsulotlarning kelib chiqishiga hamda sifat talablariga javob berishiga qiziqib ko‘rdi.

“O‘sha mahsulotlardan bir necha xilini tanlab sotib oldim: o‘nga yaqin mahsulotga ikki ming so‘m (!) to‘ladim. So‘ng bozor ma'muriyatiga yo‘l oldim”, - deb yozadi jurnalist.
Uning e'tirof etishicha, biror bir instansiyadan ushbu mahsulot haqida kerakli ma'lumotni ololmagan. Jumladan, bozor ma'muriyatida uni u bo‘limdan bunisiga jo‘natishgan. So‘ng jurnalist sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilgan. Taqdim etilgan javobda “... Vazirlik taqdim etilgan mahsulotlar namunalariga baho berish uchun ularning standartlari, tarkibi, muvofiqlik sertifikatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan ruxsatnomalar taqdim etilishi zarurligini bildiradi”, deyilgan.

“Ana xolos! – hafsalasi pir bo‘ladi jurnalistning. – Biz ayni shu ma'lumotlar yo‘qligi bois odamlar salomatligiga mas'ul bo‘lgan ushbu vazirlikdan yordam so‘rab murojaat qilgan edik-ku! Bu xuddi o‘g‘rini ushlash haqidagi murojaatga o‘g‘rining pasport ma'lumotlari, barmoq izlari va fotosuratlarini taqdim eting, qabilidagi «original» javob emasmi? Mahsulotlar qo‘limizda bo‘lsa, ularning bozorlarda ochiq-oydin (boz ustiga ulgurjisiga) sotilayotgani chin bo‘lsa, ularning tarkibini laboratoriyada aniqlab berish shunchalik qiyinmi?!. Boz ustiga, bu mahsulotlarni kimlar sotib olib, kimlar iste'mol qilayotgani aniq-ku. Nahotki, farzandlarimiz salomatligi bilan bog‘liq masalaga shunchalik e'tiborsiz bo‘lish mumkin?”.

Biroq jurnalist izlanishlarini davom ettirib, Davlat bojxona qo‘mitasiga quyidagi savollar bilan murojaat qilgan: “Bugungi kunda bolalar uchun sevimli shirinliklardan biriga aylangan, ular “vitamin” sifatida qabul qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekiston hududiga qanday yo‘llar bilan kirib kelmoqda? Bunday mahsulotlarni mamlakatimiz hududida ishlab chiqarish tartib-tamoyili qanday? Ularni xorijdan keltirib, sotish yoki sotib olishga ruxsat berilganmi? Bunday mahsulotlar sifat nazoratidan o‘tkaziladimi? Ular qanday moddalardan tarkib topgan? Nima sababdan bunday mahsulotlarda uning nomi, tarkibi va qayerda ishlab chiqarilgani (manzili, telefon raqami) haqida davlat tilida ma'lumot berilmagan?”.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Raimovdan 29 oktabr kuni imzolagan quyidagicha qisqa javob kelgan:
“...Xat ilovasida berilgan savollar bo‘yicha ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 28.12.1993 yildagi “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, 30.08.1997 yildagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.05.2013 yildagi “O‘zbekiston Respublikasiga iste'mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 127-son qarori va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatib berilgan.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni “Lex.uz on-line” O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasidan yoki DBQning rasmiy veb-saytidan olishingiz mumkin”.
“Bu javob oldingisidan ham o‘tib tushdi. Biz nima deymiz-u...”, - yozg‘iradi material muallifi.

“O‘ylab qolasan: inson umri davomida egallaydigan bilimning 70 foizini yetti yoshgacha oladi. Bunday sifatsiz, arzon “vitaminlar”ni katta miqdorda ishlab chiqarib, yana juda arzon narxda bozorlarimizni to‘ldirib tashlayotgan xorijlik “ishbilarmonlar”ning xatti-harakatlarida pul topish bilan birga boshqa g‘arazi yo‘qmikan... Yoshlarini sog‘lig‘idan ayirish,  shu orqali davlatni kuchsizlantirishdek kattaroq maqsadlar ularning xayolida yo‘qligiga hech kim kafolat bermaydi?!. Aynan o‘shanday “vitaminlar”dan birining sigaret shaklida qadoqlangani bizni yanada chuqur o‘yga toldirdi: bu bolalarni kashandalikka o‘rgatishmi yoki bolalarda tamaki shirin degan fikr paydo qilishmi? Nahotki, farzandlarimiz qo‘liga kelajagini chopishi uchun o‘zimiz bolta tutqazayotgan bo‘lsak?!. Bunga mutasaddilar – tahririyatning xalq manfatini ko‘zlab qilgan murojaatiga bepisand qaragan mas'ullar qanday qarar ekan?..”, - xulosa qildi jurnalist.

Top