18:30 / 08.12.2015
51036

Tatariston muftiysi: IShIDning chiqishi payg‘ambarimiz tarafidan bashorat qilingan

Tatariston muftiysi Komil Samig‘ullinning aytishicha, Rasululloh sallallohu alayhi vassalom IShID terrorchi tashkilotining chiqishini bashorat qilgan ekan.

"Qur'oni karimda: "Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi", degan. Bugun ushbu oyat juda dolzarbdir. Soxta islomiy davlat, mohiyatiga ko‘ra, iblis davlati bo‘lib, ayollar va bolalarni qatl qilmoqda", - dedi muftiy. So‘ng u Nu'aym Ibn Hammodning “Kitob al-fiton” asaridan bir rivoyatni keltirdi. Uning ta'kidlashicha, Ali ibn Abu Tolib Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vassalomning quyidagi so‘zlarini rivoyat qilgan ekan:

“Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, yerni lozim tuting. Qo‘llaringizni qimirlatmang, oyoqlaringizni ham. So‘ngra bir qavm zohir bo‘lur. Ular zaifdirlar, e'tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi. Ular davlat sohiblaridir. Ahdga vafo qilmaslar, miysoqqa ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar. Ismlari kunyadir. Nisbatlari qishloqlargadir. Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar, so‘ngra Alloh subhanahu va taolo haqni kimga xohlasa, o‘shanga beradi”.

Komil Samig‘ullinning ta'kidlashicha, mazkur hadisda gap IShID terroristik harakati haqida bormoqda. "Barcha sog‘lom fikrli odamlar IShIDning islomga hech qanday aloqasi yo‘qligini biladi", - deb xulosa qildi muftiy.

Kun.uz eslatib o‘tadi, Samig‘ullin 2015 yil fevral oyida Islom akademiyasi tomonidan dunyoning turli taraflaridan 126 katta olimlarning imzosi bilan e'lon qilingan ochiq xatdan iqtibos keltirgan (unda mazkur rivoyat hazrat Alidan deb berilgan). Ushbu risola "Ochiq xat" nomi bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh tarafidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Rivoyat sharhida olimlar quyidagilarni aytganlar:

“Bundan bir ming ikki yuz yil oldin “Fitnalar” kitobida keltirilgan, sayyidimiz Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning imom Buxoriyning shayxi Nu'aym Ibn Hammod rivoyat qilgan ushbu so‘zlari hozirda o‘zlarini “Islom davlati” deb atayotganlarga tatbiq bo‘ladimi, yo‘qmi?

Ushbu asardan quyidagilarni fahmlasa bo‘ladimi?

- Unda “Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz”, deyilyapti. Qo‘shtirnoq ichidagi "Islom davlati"ning bayroqlari qoradir.

- “Yerni lozim tuting”, ya'ni “ey musulmonlar, makoningizda turing. Ularga hijrat qilmang”, deyilyapti.

- Yana unda “Qo‘llaringizni qimirlatmang, oyoqlaringizni ham», deyilyapti. Ya'ni ularga mol bilan, asbob-uskuna bilan yordam bermang.

- “So‘ngra bir qavm zohir bo‘lur. Ular zaifdirlar, e'tiborga sazovor emaslar”, deyilyapti. Bu yerdagi “zaiflik” din ma'rifatida zaif, axloqda zaif, axloqqa amal qilishda zaif, degan ma'nolarni o‘z ichiga oladi.

- “Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi”, ya'ni ular asirlarni qatl qiladilar, odamlarni azoblaydilar, qasovatlari shiddatlidir.

- “Ular davlat sohiblaridir”. Taqriban, yuz yildan oldin birorta odam “Islom davlati” degan gapni aytmagan. Faqat bular Suriya va Iroqda “Islom davlati” deb nom chiqarishdi.

- Yana hazrati Ali “Ahdga vafo qilmaslar, miysoqqa ham vafo qilmaslar”, deganlar. Ushbu “Islom davlati” ahdga vafo qilmaydi, miysoqqa ham vafo qilmaydi. Misol uchun, “Shuaytot” miysoqigaga vafo qilishmadi. Elchi qilib yuborilganlarga va matbuot xodimlariga berilgan ahdni buzishdi.

- “Haqqa chaqirurlar”. Bu “Islom davlati” ham islomga chaqiryapti.
- “Lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar”. Ahli haq bo‘lish uchun rahmli bo‘lish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilinglar, rahm qilinasizlar”, deganlar.

- “Ismlari kunyadir”. Hozir o‘sha davlatning boshliqlari, ko‘zga ko‘ringan odamlari Abu Muhammad, Abu Musanna, Abu Muslim va boshqa ismlar bilan atalmoqda.

- “Nisbatlari qishloqlargadir”. Bag‘dodiy, Zarqoviy, Tunisiy, Yamaniy, Kanadiy…

- “Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi”. “Islom davlati”jangchilarining hammasining sochlari ana shunday, osilgan.

- “Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar”. “Islom davlati” o‘zlarining boshlanmasi bo‘lmish “al-Qoida”ga ixtilof qildi, so‘ngra “Jabhat an-Nusra”ga ham ixtilof qildi. Oralarida qatl bo‘ldi. Ikki tomondan o‘n minglab odamlarni bir yerda o‘ldirdilar.

- “So‘ngra Alloh subhanahu va taolo haqni kimga xohlasa, o‘shanga beradi”. Islomni to‘g‘ri bayon qilish ushbu bayonga o‘xshash bayon bilan bo‘ladi”. ("Ochiq xat" kitobidan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf)

Rossiya musulmonlarining jamoati IShIDga qarshi, uni terrorchi tashkilot, uning jangarilari esa islom dushmanlari ekani bayon qilingan fatvo chiqardi. Hamda ular IShIDni “Islomiy davlat” deb atamaslikka, buning o‘rniga "Iblis davlati" deb atashga chaqirganlar.

Bundan tashqari juda ko‘p ulamolar IShIDni tan olmaslikka va "musulmonlar Abu Bakr Bag‘dodiyga bay'at qilishi shart emas"ligini alohida ta'kidlashgan. Xususan, taniqli islom ulamosi Umar Xuddushiy IShID peshvosini murtad deb e'lon qildi. Islom olamidagi muhtaram Xani Sibaiy Tvitterda IShID jangarilariga: "Alloh mo‘minlar bilan birga", deb yozgan.

Saudiya Arabistonining oliy muftiysi shayx Abdulaziz bin Abdulloh bin Muhammad Ol ash-Shayx rasmiy ravishda "ekstremizm, zo‘ravonlik va terror g‘oyalarining islomga hech qanday aloqasi yo‘q, bundan tashqari, bular islomga birinchi raqamli dushman, ularning birinchi qurbonlari musulmonlardir", dedi.

Shayx Suhaymiyning aytishicha, "haqiqatda bu guruh (IShID) takfirchilardan bo‘lgan xavorijlarning guruhidir. Bular ahdlarga vafo qilmaydi, va'dalariga sodiq emas. Ular haqdan mutlaq uzoqdirlar. Ular aniq bir maqsadi bo‘lmay, johiliyat, millatchilik bayrog‘i ostida jang qiladilar. Payg‘ambarimiz ularni (xavorijlarni) jahannam ko‘ppaklari, deb aytgan” dedi.

"Payg‘ambarimiz masjidlarida o‘zini xalifa deb e'lon qilgan kazzob (Abu Bakr Bag‘dodiy) va unga bay'at berib, unga ergashuvchilarga raddiya berganman. Men bu raddiyani barcha joyda aytaman va bu Alloh taolo nazdida yaxshi amal bo‘ladi" degan ma'nodagi gaplarni aytgan.

Xalqaro matbuot aholisining aksari musulon bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalarni chop qilishdi. Masalan, Pew ko‘pchilik xalqi musulmon bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazgan so‘rovnomasida IShIDga bo‘lgan munosabat o‘ta salbiy bo‘lgan. Bundan tashqari, IShIDga 99 foiz livanliklar va 94 foiz iordaniyaliklar qarshi bo‘lgan. Saudiya Arabistonida esa so‘ralganlarning 4 foizigina IShIDni qo‘llab-quvvatlar ekan (Vashingtonning Yaqin Sharq siyosati intituti tarafidan o‘tkazilgan tadqiqot). O‘z navbatida, Survation Buyuk Britaniya musulmonlari orasida so‘rovnoma o‘tkazib, 71 foiz musulmonlarning IShIDga bo‘lgan salbiy munosabatlarini aniqlashgan.

Ba'zi ma'lumotlar asosida
Abu Muslim tayyorladi

Top