12:17 / 09.12.2015
9822

“Sport-TV” “Yevrotaym” dasturini to‘xtatib qo‘ydi

O‘tgan mavsumdan boshlab efir yuzini ko‘rib kelayotgan “Yevrotaym” katta ehtimol bilan faoliyatini to‘xtatgan. Dastur kecha – 8 dekabr kuni efirga chiqishi kerak edi. Bu haftalik dasturlar rejasida ham ko‘rsatib o‘tilgandi. Biroq noma'lum sabablarga ko‘ra “Yevrotaym-plyus” efirdan tushib qoldi.

Avgust oyidan boshlab ko‘rsatuv ijodkorlari formatni o‘zgartirib, “Yevrotaym-plyus”da haftaning seshanba kunlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqishayotgandi. Chorshanba hamda payshanba kunlari esa “Yevrotaym”ning Angliya, Ispaniya, Italiya hamda Germaniya milliy chempionatlariga bag‘ishlangan alohida-alohida qismlarini tomosha qilish mumkin edi. Qayd etish kerakki, “Yevrotaym-plyus” MTRK tasnifiga kiruvchi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiquvchi kam sonli ko‘rsatuvlardan biri edi.

“SPORT-TV” mavsum avvalida kuchli beshlik milliy chempionatlari translyatsiyasi huquqini xarid qila olmadi. Yevropa chempionlar ligasi va Yevropa ligasi bellashuvlarini ham shular qatoriga kiritish mumkin. MTRKga qarashli bo‘lmagan Uzreport TV esa Yevropa chempionlar ligasi o‘yinlarini jonli namoyish etib kelmoqda. Noyabrning so‘nggiga kelib kanal Angliya Primer-ligasi o‘yinlari translyatsiyasini ham boshladi. Qiziq tomoni shundaki, Uzreport TV`dagi bu yangilik hamda “SPORT-TV”dagi “Yevrotaym” uzilishi deyarli bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Ayni kunlarda “SPORT-TV” kuchli beshlikdan Germaniya Bundesligasi o‘yinlarinigina translyatsiya qilish bilan cheklanmoqda. Mavsum avvalida mazkur chempionat bellashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida u ham yozib olingan holda namoyish etila boshlandi.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, nemis Bundesligasi so‘nggi turida qayd etilgan “Bavariya”ning chempionatdagi ilk mag‘lubiyatli o‘yini ham, mazkur jamoaga raqiblik qilayotgan “Borussiya Dortmund”ning irodali g‘alabasi ham efirda ko‘rinish bermadi. Ularning o‘rniga o‘ntalikka ham kira olmayotgan “Shtutgart” – “Verder” hamda “Ayntraxt” – “Darmshtadt” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar yozib olingan holda namoyish etildi.

“SPORT-TV” Germaniya Bundesligasidan tashqari onda-sonda Rossiya Premer-ligasi o‘yinlari hamda Gollandiya chempionatlaridan ham translyatsiyalar qilib turadi. Ularning ko‘pchiligida Polsha telekanallari yoki “EUROSPORT” logotopilari ko‘rinib qoladi.

Qo‘shimcha sifatida aytish kerakki, Uzreport TV Yevro-2016 translyatsiyasi huquqini ham qo‘lga kiritgan bo‘lib, 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan qur'a tashlash marosimini ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatishni rejalashtirgan.

Top