15:39 / 09.12.2015
8122

“Ziynat” guruhi prodyusseri javob berdi

Kecha, 8 dekabr kuni Kun.uz saytida “Ziynat” guruhi plagiatda ayblandi” sarlavhali xabar chop etilgan edi. 9 dekabr kuni esa mazkur xabarga sobiq guruh prodyuseri Olimxo‘ja Azimovdan javob xati keldi. E'tiboringizga mazkur maktubni o‘zgartishlarsiz havola etamiz.

“Avvalambor, Kun.uz sayti ijodkorlariga o‘zbek jurnalistikasi va uning rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissalari uchun o‘zimning samimiy minatdorchiligimni bildirib o‘taman. Shaxsan o‘zim doimo ularning yangiliklarini kuzatib boraman va tahlil qilaman.
Kuni kecha “Ziynat” guruhining plagiati xususida maqolani o‘qidim va unga o‘z fikrimni bildirgim keldi. Bunga asos bor, chunki men aynan shu guruhning prodyuseri sifatida faoliyat yuritganman.

Haqiqatan ham, “Beg‘ubor” taronasi 2012 yilda “Ziynat” guruhi tomonidan kuylab o‘tilgan va ruminiyalik xonanda qiz Cleopatra Stratan’ning Număr până la unu qo‘shig‘iga o‘xshash jihatlari bor. Buning sababi esa qo‘shiqning o‘zbek sayqali tayyor bo‘lgach, uning ijodkorlari bizning guruhimizga taqdim etishgan, tarona g‘oyasi bizga juda yoqqan. Qo‘shiq kuylanib, unga klip ham suratga olinib, xarajatlar qilingan va ommaga taqdim etilganidan keyingina uning musiqasi plagiat ekanligini bilib qolganmiz.

Bu taronani bizga taqdim etgan ijodkorlarni etiket jihatdan aytib o‘tmayman, chunki ularga nisbatan shaxsiy g‘arazim yo‘q.
Xullas, o‘zbekcha qo‘shiq kuylandi, internet tarmog‘i, DVD-disklar, radiostansiyalar va telefonlarda yangray boshladi. Endi “otilgan o‘q”ni qaytarib bo‘lmas edi. Taronaning asl mualliflari oshkor bo‘ldi va biz ularni izlay boshladik. Nihoyat, Cleopatra Stratan’ning otasi, ustozi va prodyuseri Pavel Stratan bilan vositachi orqali bo‘lsa-da muloqot qilish imkoni topildi.

Vositachi esa Stratan’lar mualliflik huquqini Yevropa va butun jahonda himoya qiluvchi rossiyalik yurist va ijodkor Sergey Rogojin bo‘lib chiqdi. Biz u orqali mualliflarga o‘z vaziyatimizni va tarona qanday qilib tasodifiy tarzda kuylanganini tushuntirib o‘tdik va ularning roziligini oldik. Shunday qilib, qo‘shiq “o‘g‘rilik” sanalmasligiga imkon tug‘ildi va ko‘nglimiz yengil tortdi. Demak, “Beg‘ubor” (tinglovchilar nazdida “Xop-sha”) qo‘shig‘ining musiqasi muallifi Pavel Stratan, o‘zbek tilidagi matni muallifi Mahbuba Mirkamilova.

2013 yil boshidan Sergey Rogojin bilan muntazam internet orqali yozishib turdik va u Cleopatra Stratan bilan duet qo‘shiq kuylash taklifini bildirdi.
Shu maktub va keyingi e-mail yozishmalar asosi ila xamkorlikda o‘zbek va rus tillari uyg‘unligidagi qo‘shiqni yaratish g‘oyasiga kelishdik va amalga oshirishni boshlagan edik. Lekin, afsuski, 2013 yilning avgust oyida “Ziynat” guruhi tarqalib ketdi va qo‘shiq loyihasi vaqtinchalik “muzlatildi”.

Bugungi kunda guruhimizning vakili sifatida Mahbuba Mirkamilova o‘z ijodini yakkaxon tarzda davom ettirmoqda va Mahbuba Ziynat taxallusi ostida faoliyat yuritmoqda. So‘nggi davr mobaynida “Meni yolg‘iz qoldirma” (shoir va bastakor Yakzon) va “Xayrli tong” (bastakor Elmurod Mirdadayev, shoira Madina Siddiqova) qo‘shiqlari tinglovchilar e'tiboriga taqdim etildi. Ushbu ijod namunalari haqiqiy mualliflik ishlari ekanligiga aminmiz. Ayni vaqtda yangi albom ustida ijodiy ishlar olib borilmoqda va bir dasta taronalar studiya jarayonida.

So‘zim yakunida Kun.uz saytida va umuman internet tarmog‘ida chop etiladigan maqolalarga izoh yozuvchi ayrim mushtariylarga murojaat qilmoqchiman. Umumbashariy jihatdan tanqid, g‘iybat va tuhmat so‘zlarining mohiyatini va farqini anglab yeting. Tanqid – bu biror-bir dalillar va hayotiy tajribalarga asoslangan e'tirozli fikr, uni ijodkorlar aksariyat hollarda samimiy tushunishadi. G‘iybat – bu gunoh! Ortiqcha ta'riflash shart emas.

Tuhmat esa – o‘n barobar gunoh! Tanimagan-bilmagan insonlar haqida qora fikrlarni bildirishdan avval yurt uchun, uning salohiyati va ravnaqi uchun, madaniyati va san'ati taraqqiyoti uchun hissa qo‘shganmikanman, deb o‘ylab qo‘ring. Boshqa odamlarga yaxshilik qilganingiz u yoqda tursin, hech bo‘lmasa qachon ota-onangizga bir piyola choy uzatib, foydali amal qilib, duolarini olganingizni eslab qo‘rqing”.

Top