14:19 / 09.12.2015
4578

Chikagoda “Palov kuni” nishonlandi

Yakshanba, 6 dekabr kuni Chikago o‘zbek jamiyatida “Palov kuni” nishonlandi. Bayramda turli millat vakillari ishtirok etdi. Ozarbayjonlik, amerikaliklar, latviyalik, qirg‘izlar, qozoqlar, ruslar va boshqa millat vakillari bir dasturxon atrofida jam bo‘lishdi.

Chikago o‘zbek-Amerika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Farruxbek Shamsutdinov o‘z nutqi bilan tadbirni ochib berdi.
Tashrif buyurganlarga 7 xildagi palov tortildi. Tadbir ishtirokchilari Toshkent, Namangan, Buxoro, O‘sh, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo palovi mazasidan totib ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Xushta'm palovlarga bedana tuxumi, kavatok yanada maza kiritdi.

“Palov kuni” tadbiri doirasida palov tarixi hamda o‘zbek oshining tayyorlanish usullari haqida monolog, ushbu milliy taom to‘g‘risidagi maqollar aytish bellashuvi, sabzi to‘g‘rash musobaqasi, shuningdek, Chikago O‘zbek maktabi o‘quvchilari ishtirokida o‘zbek milliy liboslari ko‘rgazmasi (Fashion Show) ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida mehmonlar ortib qolgan palovni o‘zlari bilan olib ketishgani tayyorlangan taomning barchaga manzur bo‘lganidan dalolat beradi.
Xalqimizda “O‘zbekni palov birlashtiradi”, degan naql bor. Chikagoda bo‘lib o‘tgan tadbir esa osh nafaqat o‘zbeklarni, balki barcha millat vakillarini bir yerga jam qila olishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Top