17:48 / 09.12.2015
8530

Hyundai kompaniyasi o‘zining eng hashamatli modelini taqdim etdi

Hyundai kompaniyasi Genesis premial subbrendining birinchi modeli bo‘lgan G90 sedanini taqdim etdi. Janubiy Koreyada kompaniyaning mazkur hashamatli modeli EQ900 nomi ostida sotiladi.

Modelning tashqi ko‘rinishi Hyundai’ning yangi dizaynerlik bo‘linmasi Prestige Design Division tomonidan ishlab chiqilgan. Genesis G90 tashqi ko‘rinishini yaratish jarayonini shaxsan Peter Shrayyer boshqarib bordi.

G90ning gabarit uzunligi 5 205 mm, kengligi 1 915 mm, balandligi 1 495 mm ni tashkil qiladi. Modelning g‘ildirak bazasi 3 160 mm ga teng. Sedan oxirgi avlod BMW 7-Series’dan 107 mm ga uzunroq, 13 mm ga kengroq va 28 mm ga balandroqdir. G‘ildirak bazasidagi farq G90 foydasiga 90 mm dir.

G90 uchta benzin dvigateli bilan jihozlanishi mumkin. Ulardan biri Hyundai tvin-turbo motoridir. 6 silindrli V turbomotorning quvvati 370 ot kuchini tashkil qiladi. Qolgan atmosferali dvigatellarning ishchi hajmi 3.8 (V6) va 5.0 (V8) l ni, quvvati esa 315 va 425 ot kuchini tashkil qiladi.

Barcha motorlar 8 diapazonli o‘tkazmalar qutisi bilan uyg‘unlikda ishlaydi. Sedanning eng kuchli versiyasi 100 km/soat tezlikka 5.7 sekundda ko‘tariladi. Turbomotorli variantda bu ko‘rsatkich 6.2 sekundga teng.

G90 aylana kuzatish tizimi, 12.3 dyuymli ekranga ega multimedia tizimi, Lexicon audiotizimi, shuningdek, 14 xil boshqarish variatsiyalariga ega orqa o‘rindiq elektr uzatmasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, Janubiy Koreyada mashina magistrallarda avtonom boshqarish tizimi bilan ta'minlanadi.

2020 yilga qadar Genesis subbrendi ostida chiqqan modellar soni 6taga yetishi aytilmoqda. Ular G80, G70 va hokazo nomlarga ega bo‘ladi.

 

Top