17:18 / 09.12.2015
19703

Medvedev: Anqara urush uchun asos berdi

Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirish bilan rasmiy Anqara amalda Moskvaga urush ochish uchun asos berdi, lekin Kreml Turkiyaga tegishlicha javob qaytarishni ma'qul deb topmadi. Bu haqda bosh vazir Dmitriy Medvedev mamlakatning yetakchi telekanallariga bergan intervyusi chog‘ida ma'lum qildi.

“Turkiyaga kelsak, nima bo‘lganini barchamiz ko‘rdik, lekin bu, darvoqe, aynan sanksiyalar emas. Amalda bu davlatimizning himoya reaksiyasidir. Axir samolyotimiz yo‘q qilindi, XX asrda bunday holda davlatlar qanday yo‘l tutishardi? Urush boshlanardi. Chunki bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumdan boshqa narsa emas”, - dedi u.

Ammo, uning ta'kidlashicha, Moskva vaziyatni urush darajasiga olib bormaslikka qaror qilgan: “Tabiiyki, bizning holatimizda urush eng yomoni bo‘lardi. Aynan shuning uchun turklar qilgan ishga simmetrik javob bermaslik haqida qaror qabul qilindi, ular xalqaro huquqni buzgan bo‘lsalar ham, bizning davlatga nisbatan agressiya aktini sodir etgan bo‘lsa ham, xalqaro huquq tilida aytsak, casus belli, ya'ni urush harakatlari olib borish uchun asos berishdi. Rossiya rahbariyati, mamlakat prezidenti bu ishni qilmadi”.

Top