10:13 / 10.12.2015
1863

AQSh Davlat departamenti: AQSh yangi iqlimga moslashish uchun nochor davlatlarga ajratiladigan yordamni ikki barobarga ko‘paytiradi

AQSh ma'muriyati 2020 yilgacha rivojlanayotgan davlatlarga iqlim o‘zgarishlariga moslashish uchun ajratiladigan grantlar miqdorini ikki barobarga ko‘paytiradi. 2014 yil holatiga ko‘ra bu mablag‘lar miqdori yiliga 400 mln dollarni tashkil qilgan. Bu haqda 9 dekabrda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kanallar bo‘yicha kelib tushadigan bu mablag‘lar iqlim o‘zgarishlaridan aziyat chekayotgan davlatlarga infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash tizimi va suv ta'minoti sohalarida uning asoratlarini kamaytirishga imkon beradi”, deb ta'kidlandi Davlat departamentida. Ta'kidlanishicha, umumiy hisobda 2020 yilgacha bu maqsadlar uchun rivojlangan davlatlar ajratadigan jami mablag‘ 100 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Avvalroq AQSh prezidenti Barak Obama Parijda BMTning iqlim o‘zgarishlari masalalari bo‘yicha butunjahon anjumanida AQSh ham sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishi uchun javobgarlikni his qilishi aytilgandi. “Men eng rivojlangan iqtisodiyotlarga ega davlatlardan birini taqdim qilaman. Biz ham yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlariga javobgarlikka ega ekanligimizni tan olamiz”,

deb aytgandi anjumanda Obama. Obamaning ta'kidlashicha, 2015 yil meteokuzatuvlar olib borilishi tarixidagi eng issiq yil bo‘ldi. “Shuning uchun ham bizning umumiy vazifamiz sayyoramiz kelajagini asrab qolishdan iborat”, deb ta'kidlab o‘tgandi Obama.

Top