12:26 / 10.12.2015
5490

Bugun dunyoda Xalqaro futbol kuni nishonlanmoqda

BMT qaroriga ko‘ra har yili 10 dekabr kunini dunyo hamjamiyati Xalqaro futbol kuni sifatida nishonlaydi.

Millionlab insonlar uchun mazkur sport turi nafaqat sevimli mashg‘ulot, balki hayot tarzining bir qismidir.

Futbol O‘zbekiston sportining ham tarkibiy qismidir. O‘zbekiston futboli tarixi 20 asrning boshlariga borib taqaladi. Futbol jamoalari dastlab Qo‘qon va Farg‘onada vujudga kelgan. Keyinchalik, Toshkent, Samarqand, Andijon shaharlarida futbol jamoalari tashkil etilib, ular orasida turnirlar tashkil etila boshlangan.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 1928 yilda tashkil etilib, turli musobaqalarda ishtirok eta boshlagan. 1956 yilda Toshkent shahrida "Paxtakor" futbol klubi tashkil etilgan va bu jamoa hozirga qadar O‘zbekistonning eng yetakchi jamoasi bo‘lib qolmoqda.

2006 yilning 1 mayida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov "O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror chiqargan.

2012 yilning 1 iyunida Vazirlar Mahkamasining futbol klublari, O‘zbekiston futbol federatsiyasi va uning joydagi bo‘linmalarini moddiy texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Qarori qabul qilingan.

O‘zbekistonda ushbu sport nazoratini FIFA va OFKning to‘laqonli a'zosi bo‘lgan O‘FF olib boradi. 2013 yilning 7 yanvarida Shveytsariyaning Tsyurix shahrida FIFAning tantanali marosimida O‘FFga Fairplay mukofoti topshirilgan.

O‘FF hamda futbol klublari faoliyatini takomillashtirish uchun 2006 yilda Professional futbol ligasi tashkil etilgan bo‘lib, u Oliy va Birinchi liga jamoalari faoliyati, ular orasidagi boshqa aloqalarni muvofiqlashtirish hamda jamoalar o‘rtasida respublika musobaqalarini tashkillashtirishga mas'ul hisoblanadi.

Tarixga murojaat qilinsa, bu o‘yin birinchi marta eramizdan avvalgi 2 minginchi yillarda Xitoyda paydo bo‘lgan degan ma'lumotlar bor. U paytlar bu o‘yin futbol emas “oyoq bilan o‘ynaladigan o‘yin” deb atalgan ekan, ya'ni, xitoy tilida Tsu Chyu deb atalgan, agar o‘zimizni tilga o‘girsak “oyoq bilan itarish” degan ma'noni anglatar ekan. Tarixda xitoy harbiylarini jismonan “forma”da ushlab turishda asosan futboldan foydalanishgan.

Ba'zi bir manbalarda, VIII asrlarda Angliya hududida yashagan sakslar jangdan so‘ng mag‘lub bo‘lgan raqib jangchilarining boshlarini tanasidan judo qilishib, maydonda tepishgani haqida ma'lumotlar yozilgan. Tarixda futbol hozirgi ko‘rinishda, ya'ni darvoza o‘rnatilib unga qarab to‘p tepilishi ko‘rinishidagi o‘yin qachondan buyon tashkil bo‘lganligi haqida ma'lumotlar kam.

1891 yilning mart oyida, Janubiy va Shimoliy Angliya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada tarixda birinchi marta darvozaga to‘r ilingan.

Futbolni eslatadigan sport turi qadimgi Yunoniston va Rimda ham bundan 2500 yil ilgari o‘ynalgan. Bu sport turi nomi “to‘p uchun kurash” bo‘lgan. Tarixda futbol ko‘pincha harbiylarni jismoniy tarbiya qilishda keng qo‘llanilgani haqida ma'lumotlar ko‘p uchraydi. Shundan kelib chiqadiki, bekorga, futbolda o‘yinchilar tomonidan sodir etiladigan qo‘polliklar ko‘pincha jangovor usullarni eslatib yuboradi.

Top