21:30 / 10.12.2015
6327

G‘orshunoslar dunyodagi eng chuqur g‘orni aniqlashdi

Amerikalik g‘orshunos Bill Stoun Meksikadagi Oaxaka shtatidagi Cheve g‘orlar tizimi dunyoda eng chuqur g‘or ekanini ma'lum qildi. 2017 yilda g‘orga ekspeditsiya uyushtirilib, bu ekspeditsiya g‘orning chuqurligini o‘lchaydi va bu qarorni tasdiqlaydi, deb aytmoqda New Scientist nashri. Unda 60-80 nafar speleolog – g‘orshunoslar ishtirok etishadi.

Cheve g‘ori dunyodagi eng chuqur g‘or ekanligi borasidagi taxminlar 1990 yilda o‘tkazilgan tajribaga asoslangan. O‘shanda g‘orshunoslar g‘ordagi suvga 7 kilogramm bo‘yoq tashlashgan. Bir ozdan keyin yashil rangga bo‘yalgan suv 2,5 km yo‘l bosib o‘tib, yaqin atrofda joylashgan Santo-Domingo daryosiga tushgan.

Ta'kidlanishicha, Cheve tunnellari maydoni Manxettendan 2 barobar ko‘proqni, ya'ni 175 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bunday g‘orlar karst suv tashuvchi gorizontlarning muhim elementi bo‘lib, ular butun dunyo bo‘ylab yuzlab million odamlarni ichimlik suvi bilan ta'minlaydi. Bundan tashqari, bunday g‘orlarda olimlar ko‘pincha yaxshi saqlanib qolgan toshga aylanib qolgan jismlarni hamda foydali qazilmalar konini topishadi. Bu sayyoramiz asrlar davomida qanday o‘zgarganini yaxshiroq anglashga imkon beradi.

Bundan tashqari, g‘orshunoslarni noma'lum narsaga qiziqish olg‘a intiltirmoqda. “Albatta, dunyoda hali zabt etilmagan tog‘lar bor, biroq ularni Google Earth’da unga ko‘tarilishgacha ko‘rish mumkin. Okean tubiga tushish mumkin, biroq okean tubi sonarlar yordamida allaqachon xaritaga tushirilgan va ularga ekspeditsiyalar uyushtirish qimmatga tushadi. G‘orlarda esa ozgincha mablag‘ bilan ham noma'lum narsalarni ochish mumkin”, deb aytmoqda g‘orshunos Zeb Lilli.

Ayni paytda eng chuqur g‘or Abxaziya xududidagi Gagra tog‘ tizmasidagi Arabika massividagi “Voronya-Krubera” g‘ori hisoblanadi. Uning chuqurligi 2199 metrni tashkil qiladi.

Top