09:23 / 11.12.2015
2663

Gonduras terma jamoasi futbolchisi La-Seyba shahrida otib ketildi

Gonduras terma jamoasi va "Olimpiya" klubi futbolchisi Arnold Peralta o‘zi tug‘ilib o‘sgan La-Seyba shahridagi savdo markazi hududida otib ketildi. Bu haqda La Prensa nashri xabar tarqatgan.

Olingan jarohatlardan halok bo‘lgan 26 yoshli futbolchining tanasidan bir nechta o‘q chiqarib olingan.

Dastlabki ma'lumotlarda aytilishicha, futbolchi do‘stlari bilan turganida ularga mototsikl mingan qotil yaqinlashib kelgan va shu tomonga tartibsiz ravishda o‘t ochgan. Voqea joyida yerda yotgan 9ta o‘q topilgan.

Futbolchining atrofida bo‘lganlardan hech kim jarohatlanmagan.

Qotillik sababi hozircha aniq emas. Politsiya Peraltaning qarindoshlari va tanishlari o‘rtasida surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Bu hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ma'lumot uchun, Peralta "Olimpiya" jamoasiga kelib qo‘shilishidan oldin Gondurasdagi "Vida" hamda Shotlandiyaning "Reyndjyers" jamoalari safida o‘ynagan. U 2013-2014 yillar mavsumida Shotlandiya birinchi ligasi chempioni bo‘lgan.

U Gonduras milliy terma jamoasi safida 24ta o‘yinda ishtirok etgan. Lekin u jarohati tufayli 2014 yilda Braziliya maydonlarida o‘tkazilgan mundialda ishtirok eta olmagandi.

Top