07:36 / 11.12.2015
19102

O‘zbekistonda ba'zi odamlar teraktlar tayyorlanayotgani haqida tarqalgan turli yolg‘on-yashiq ma'lumotlarga ishonib qolishmoqda

Oxirgi kunlarda Misrda urib tushirilgan Rossiya samolyoti, Parijdagi ommaviy qotilliklar bilan bog‘liq voqealar  shak-shubhasiz barchani befarq qoldirmadi. 

Terrorchilarning bu vahshiy qilmishlarini insoniyatga qarshi jinoyatdan bo‘lak boshqacha nom bilan atab bo‘lmaydi. Ularning oqibatlari u yoki bu darajada butun dunyoni larzaga soldi.

“Terror” so‘zining lotinchadan tarjimasi – qo‘rquv, dahshat ma'nosini beradi. Taraqqiy etgan davlatlarda bomba portlashi, samolyot olib qochilishi qurboniga aylanish ehtimoli tan olish kerakki, katta emas. Biroq terrorchilarning bundan ko‘zlagan asosiy maqsadi – butun davlat, butun qit'a bunday teraktlardan keyin xavfsirash asiriga aylanadi, o‘zini doimiy xavf  ostida sezadi, xavotirini yo‘qotadi.

Shunda teraktlar jamiyatdagi vaziyatni beqarorlashtiradi, vahima uyg‘otadi.

Bu muammoni tadqiq qilganlarning ta'kidlashicha, terrorchilar o‘z harakatlari oqibatida yuzaga keladigan jamiyatdagi noroziliklarga tayanadi, bu noroziliklardan keyin fuqarolar xavfsizligini go‘yoki ta'minlay olmayotgan huquq-tartibot muassasalari va hokimiyat organlariga ayblovlar qo‘yiladi. Ana o‘shanda ular aholini qo‘rquv va ishonchsizlikda ushlab, vaziyatni boshqarmoqchi bo‘ladi. Bunday vaziyatda odamlar tashviqot oldida zaif bo‘lib qoladilar. Odam olinayotgan ma'lumotga to‘g‘ri baho bera olmaydi.

Axboriy terrorchilik mish-mishlarga tayanadi. Internet va smartfonlar asrida “aqlli” texnika terrorchilarga qo‘l kelmoqda. Parijdagi teraktlardan keyin mish-mishlar bu texnika yordamida birdaniga ko‘plab davlatlarda tarqala boshladi. Peterburg metrosida bombalar portlashi haqidagi mish-mishlar birgina bir parcha qog‘ozga yozilgan yozuvlarga asoslanib tarqatildi. Go‘yoki teraktlar tayyorlanayotgani haqidagi gapni bir ayol boshqasiga aytgan. Bu “xabar” mish-mishlar tarqatishdan ham toymaydigan “LifeNews” telekanali orqali efirga uzatilgandan keyin, boshqa nufuzli kanallar orqali ham tarqatila boshladi. Xuddi shunga o‘xshash anonim tasdiqlarga asoslangan soxta xabarlar  Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida tarqab ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar va “WhatsApp” orqali qozog‘istonliklarga Ostonada teraktlar tayyorlanayotgani haqidagi xabarlar kela boshladi. Odamlarga ko‘chalarga chiqmaslik, yangi yilni nishonlamaslik, bolalarni maktabga yubormaslik aytildi. Qozog‘iston politsiyasi bu mish-mishlar yolg‘on ekanligini aytib, odamlar orasida yuzaga kelgan vahimani tinchlatdi va hozirda bu mish-mishlar tarqatuvchilarini qidirmoqda.

Bunday xabarlarni boshqalarga tarqatayotganlar o‘z harakatlari bilan terrorchilarga ko‘mak berayotganlarini anglashlari kerak. Birinchidan, vahima solinadi. Ikkinchidan, huquq-tartibot muassasalari xodimlariga haqiqiy terrorchilarni qidirishlarida xalaqit beradi. Uchinchidan, barcha bunday xabarlarga javob berishga majbur bo‘lgan tezkor guruhlar soxta voqea joyiga chiqqanlarida, ularning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmlari terrorchilarga ayon bo‘lib qoladi. Bu axborot esa terrorchilarga faqatgina qo‘l keladi.

Toshkentdagi “MegaPlanet” savdo markazi va Oliy Majlis binosiga IShIDning qora bayroqlari osib ketilgani haqida mish-mishlar tarqatildi. Bu yolg‘onlarga ishonuvchi odamlar ham topildi. Biz Toshkentda yashab, parlament binosiga kimdir hattoki shunchaki yaqinlashishga urinib ko‘ra olmasligi, uning yoniga shu zahoti navbatchi militsionerlar yugurib kelishini bila turib, shu yolg‘on-yashiqlarga ishonib yuribmiz. 

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda 17 noyabrda Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji yonida portlovchi moddalar bilan jihozlangan “Niva” mashinasi topilgani haqida mish-mishlar tarqatildi. Bu mish-mish bir ondayoq ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, uni ba'zi internet-OAVlar “sensatsiya” yorlig‘i ostida chop etishdi. Buning isboti sifatida hattoki bir necha militsiya mashinalari tasviri bo‘lgan suratlarni ham chop etishdi.

Biroq, hech kim bu ko‘chada bittamas, ikkitamas, balki o‘ntalab maxsus mashinalar, yuk mashinalar turishi oddiy holat ekanligini eslatib o‘tishni joiz deb hisoblamadi, chunki bu ko‘chada Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi joylashgan. Bu boshqarma avtoparki ixtiyorida bu texnikaning barchasi bo‘lib, ular ba'zida guruh bo‘lib harakatlanadi va ana shu holat suratlarda aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bunday uydirmalar ongsizlarcha qabul qilinaveradi, shuning uchun bu tarmoqlarda “minalashtirilgan” mashinalar, bino va kutubxonalar haqidagi mish-mishlar deyarli har kuni paydo bo‘lmoqda. Ba'zilar hattoki “uyda qolish xavfsizmikin?”, deya o‘zlariga savol bera boshladilar.

Ularga birgina javob berish mumkin, xavfsiz emas! Chunki ba'zi odamlar uylarida biqinib olib, navbatdagi mish-mishni tarqatish uchun internetda turli yolg‘on-yashiq xabarlarni qidirish bilan mashg‘ullar.

So‘zimizning intihosida shuni aytmoqchimizki, ogohlik bugungi kun talabi, lekin turli uydirma, yolg‘on ma'lumotlarni biror-bir ishonchli dalillarsiz “hazm qilish”, ularni tarqatib, odamlar orasida vahima, g‘ulg‘ula solish farosatsizlikdan bo‘lak narsa emas.

Manba: Uz24.uz

Top