11:16 / 11.12.2015
5012

O‘zbekistondagi ikkita yirik sement zavodi davlat aktivlari “O‘zqurilishmateriallar” ustav kapitaliga berildi

O‘zbekistondagi ikkita yirik sement zavodi – «Qizilqumsement» va “Bekobodsement” AJlari davlat aktivlari (51 foiz) “O‘zqurilishmateriallar” AJ ustav kapitaliga berildi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 oktabrdagi “Davlat mulki obektlaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, aksionerlik jamiyatlari tomonidan dividendlar hisoblanishi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

“Qizilqumsement” AJ O‘zbekistondagi eng yosh sement ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. U 1978 yilda tashkil etilgan. Korxona o‘z mahsulotining yarmidan ko‘pini, ya'ni 3 mln tonnadan ko‘proq sementni tejamkor quruq usulda ishlab chiqaradi. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, korxona 2014 yilda 176 mlrd so‘m sof foyda olgan. Bu O‘zbekiston sanoat korxonalari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil qiladi.

Joriy yilning aprelida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov davlat aktivlari xorijiy investorlarga sotish uchun taklif qilinadigan 68 ta korxona ro‘yxatini tasdiqlagandi.
Bu ro‘yxatga “Qizilqumsement”ning 35,9 foiz ulushi ham kiritilgan. Bu aksiyalarni Germaniyaning Heidelberg Cement AG korxonasi sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Toshkentda o‘tgan Xalqaro investitsion forumda kompaniya ijrochi direktori Andreas Kern aytib o‘tgandi.
Tarmoqdagi eng keksa korxona – Bekobod sement zavodi yiliga 800 ming tonna va undan ko‘proq sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Tsement qurilish materiallari sanoatida katta ulushni (76 foizni) tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish hajmi 2002-2014 yillar ichida 3,7 mln tonnadan 7,5 mln tonnagacha oshgan.

Top