22:04 / 11.12.2015
4243

Ronaldu: Anchelottini sog‘inaman. U noyob inson va mohir murabbiy

«Real» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu jamoaning Anchelotti bosh murabbiyligi ostida ko‘rsatgan mavsumlari haqida gapirib o‘tdi.

U madridliklar rahbariyatining har yili murabbiy va futbolchilarni almashtirishi o‘ziga uncha yoqmasligini aytgan.

«Janob Anchelotti kutilmagan syurpriz bo‘lgandi. Uning kelishi avvaliga meni juda hayratlantirgan edi. Ilk uchrashuvdan keyin u menga katta ayiq kabi ko‘ringan edi. O‘shanda men uni juda qo‘pol kishi deb o‘ylaganman. Biroq aslida buning aksi ekan.

U inson tuyg‘ularini yaxshi tushunadi. U harimiz bilan har kuni alohida gaplashar edi. Barchamiz uning munosabatida xursand bo‘lar edik.

Murabbiyimiz jamoaning har bir futbolchisiga o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat taqdim qilardi. Uning daldalari ostida futbolchilar o‘z ustida yanada ko‘proq ishlardi.

Men har bir futbolchiga u bilan birga ishlashni tilayman. U fantastik murabbiy. Men uni ko‘p sog‘inaman, axir biz u bilan birga ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritgandik.

Men u bilan yana bir bor ishlashni istayman, lekin menda hozir hammasi yaxshi. Jamoada yangi murabbiy bor va jamoada muhit o‘z joyida.

Jamoalar murabbiylarni tez-tez almashtirishiga qarshiman. Shuningdek, menga har mavsumda yangi futbolchilar sotib olinib, eskilari sotib yuborilishi uncha yoqmaydi. Chunki, yangi futbolchilarning jamoaga qo‘shilib ketishi qiyin bo‘ladi va bunga vaqt ketadi. Jamoani kuchaytirish uchun jamoa futbolchilarining birdamligiga birinchi navbatda e'tibor qaratish kerak. Har safar yangi tarkibni shakllantirish esa juda qiyin ish», - deydi Ronaldu ESPN nashriga.

Top