16:58 / 11.12.2015
2395

Toshkent va Seul o‘zaro hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qildi

2015 yilning 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kim Hon Kyunni qabul qildi.

Suhbat davomida O‘zbekiston-Janubiy Koreya aloqalarini kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik Forumi doirasidagi munosabatlarga oid masalalar muhokama qilindi.

Ikki davlat strategik sherikchiligining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish va rivojlantirish imkonini beruvchi oliy darajadagi muntazam o‘tkazilib turuvchi va serqirrali muloqot o‘zaro munosabatlarning markazida turishi ta'kidlandi.

Prezident Pak Kin Xening O‘zbekistonga 2014 yilgi va prezident Islom Karimovning Koreya Respublikasiga 2015 yilgi davlat tashriflari yakunlariga ko‘ra 110dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar, jumladan umumiy qiymati 9,5 mlrd AQSh dollariga yaqin savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlik sohalaridagi shartnomalar imzolandi.

Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shu kunning o‘zida Toshkent shahrida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning 12-raundi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati batafsil muhokama qilindi. Turli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, O‘zbekiston Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy negizini kengaytirish bo‘yicha takliflar amaliy jihatdan ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvlarda Koreya Respublikasi Elchisi Li Uk Hon ishtirok etdi.

Top