16:11 / 11.12.2015
3258

Xodorkovskiy Nefteyugansk hokimini o‘ldirishni tashkillashtirishda ayblandi

Rossiyalik tijoratchi va muxolifatchi siyosatchi Mixail Xodorkovskiy Nefteyugansk hokimi Vladimir Petuxovni o‘ldirishni tashkillashtirishda, shuningdek, yana ikki shaxsni o‘ldirishga urinishda ayblandi. Bu haqda Rossiya tergov qo‘mitasining sayti orqali xabar qilindi. Yaqin vaqt ichida Xodorkovskiy qidiruvga beriladi.

Aytilishicha, ushbu jinoyat uchun Leonid Nevzlin, Aleksey Pichugin, Gennadiy Tsigelnik, Yevgeniy Reshetnikov va Vladimir Shapirolar jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lishiga qaramay, tergov harakatlari davom ettirilgan. Bu ish yakunlariga ko‘ra bu jinoyatlarga Xodorkovskiyning aloqadorligi hamda unda “o‘ta faol ishtirok etgani” aniqlangan.

Tergov ma'lumotlariga qaraganda, o‘sha payti YuKOS neft kompaniyasi boshqaruvi raisi va aksiyadori bo‘lgan Xodorkovskiy xodimlari Nevzlin va Pichuginga Petuxov va Yevgeniy Ribinni o‘ldirishni topshirgan. Ribin Avstriyaning East Petroleum Handels kompaniyasi boshqaruvchisi bo‘lgan.

Nefteyugansk hokimi 1998 yilning 26 iyunida o‘ldirilgan. Uning yonida bo‘lgan Vyacheslav Kokoshkin omon qolgan. Ribinning joniga suiqasdlar 1998 yilning 24 noyabr va 1999 yilning 5 mart kunlari amalga oshirilgan. Bu suiqasdlar mobaynida uning tan soqchisi otib tashlangan, yana ikki kishi yaralangan.

Xodorkovskiy o‘zining bu qotilliklar va suiqasdlarga aloqadorligini inkor qilmoqda. Shuningdek, tergov qo‘mitasining da'vatnomasini olgach, u tergov harakatlarida ishtirok etmasligini ma'lum qildi.

Top