10:37 / 12.12.2015
3225

Iroq XKga yozgan maktubida Turkiya BMT nizomini buzganini bayon qilgan

Iroq hukumati nomidan BMT Xavfsizlik kengashiga yo‘llangan maktubda Turkiya tashkilot nizomini va xalqaro huquq qoidalarini buzgani aytilgan. Reyter xabariga ko‘ra, Iroq shimoliga Turkiya harbiylari kiritilishi shunday baholangan.

"Bu BMT nizomini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Iroq davlati suvereniteti va hududiy daxlsizligi Turkiya tomonidan buzildi", deyiladi Iroqning BMTdagi vakili Muhammad Ali al-Hakim tomonidan Xavfsizlik kengashi vakili lavozimini bajarayotgan Samanta Pauer nomiga yozilgan shikoyatnomada.

Bundan tashqari, Iroq elchisi Xavfsizlik kengashidan Turkiya harbiylari tezda olib chiqib ketilishi kerakligi ta'kidlangan.

Biroz oldinroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Iroqning BMTga shikoyat qilishi "nohalol qadam" bo‘lganini aytib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshida Iroq shimolida IShID qo‘liga o‘tgan Mosul shahri yaqinida turkiyalik harbiylar bo‘linmasi paydo bo‘ldi. Rasmiy Anqaraning ma'lum qilishicha, bu bo‘linma harbiylari IShIDga qarshi kurash olib borayotgan kurdlarni shug‘ullantirishi ko‘zda tutilgan. Rasmiy Bag‘dod esa Turkiyadan zudlik bilan o‘z askarlarini olib chiqib ketishini talab qilgan. Turkiya bu talabni qondirmay kelmoqda.

Top