11:34 / 12.12.2015
9135

O‘zbekiston terma jamoasi safida gol urmagan futbolchilar TOP-10

Yaman termasiga qarshi uchrashuvda Azizbek Haydarov milliy jamoamiz safidagi dastlabki golini kiritgan edi.

Shu tariqa u 6577 daqiqalik golsiz seriyasiga barham berdi. Biz e'tiboringizga O‘zbekiston termasi safida gol ura olmayotgan futbolchilar reytingini taqdim etamiz.

10. Lutfullo To‘rayev. 18 o‘yin


To‘rayev ushbu reytingning kuchli o‘nligini boshlab beradi. Lutfulla bu yilgi Osiyo kubogining chorak finalida Janubiy Koreya darvozasini ishg‘ol qilganida edi, uning o‘zi bu reytingga kirmagan, termamiz esa katta ehtimol bilan yarim finalga chiqqan bo‘lardi.

9. Farxod Magometov. 20 o‘yin
Ayni paytda PFLni boshqarayotgan Magomedov termamiz tarkibida 20 ta o‘yin o‘tkazgan. Himoyachi ampluasida harakat qilgan Farxod gol urmagan. Ikkita o‘yinda esa ogohlantirilgan.

8. Fozil Musayev. 21 o‘yin


Fozil bu reytingni tark etishi ham, yoki yanada yuqorilishi ham mumkin. Musayev hozircha 21 o‘yinda birorta ham to‘p kirita olgani yo‘q. Ko‘ramiz Babayan Fozilni ham Azizbek singari gol urishga unday olarmikan.

7. Rustam Shoymardonov. 21 o‘yin
Shoymardanov milliy jamoamiz safida 21 ta o‘yin o‘tkazgan. U 2 uchrashuvda sariq va yana bir o‘yinda qizil kartochka olib o‘zini “ko‘rsatishga” muvaffaq bo‘lgan.

6. Ildar Magdeyev. 23 o‘yin
Magdeyev terma jamoamiz safida gol urmagan yarim himoyachilar orasida yetakchilik qilmoqda. U 23 ta uchrashuvda O‘zbekiston termasi sharafini himoya qilib, o‘z hisobiga 3 ta sariq kartochkani yozdirib qo‘ygan.

5. Saxob Jo‘rayev. 23 o‘yin


Jo‘rayev terma jamoa safida 23 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta sariq kartochka bilan “siylangan”. Afsuski Sahobning termamizdagi yorqin o‘yinlari uzoqqa cho‘zilmadi. Vaholanki iqtidorli himoyachi ayni paytda 28 yoshda.

4. Akmal Shoraxmedov. 24 o‘yin


Shorahmedov termamiz tarkibida raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olmagan. Biroq uning birgina golini muxlislar hech qachon unuta olishmaydi. Janubiy Koreyaga qarshi bahsda Akmal o‘z darvozasini ishg‘ol qilgandi. Yakunda ana shu gol termamizning jahon chempionatiga yo‘l olishiga to‘sqinlik qilgan.

3. Shavkat Mullajonov. 39 o‘yin


Mullajonov termamiz safida sal kam 40 o‘yin o‘tkazgan. Ana shu bahslarda Shavkat 11 marta ogohlantirilib, bir bora maydondan chetlatilgan.

2. Aleksey Nikolayev. 42 o‘yin
Aleksey termamizning eng ishonchli himoyachilaridan biri bo‘lgan. U 42 o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsa ham, gol ura olmagan. E'tiborlisi Nikolayev 2 martadan sariq va qizil kartochka olgan.

1. Asror Aliqulov. 61 o‘yin


Asror Aliqulov himoya chizig‘ida to‘p surganligi uchun ham raqib darvozalariga biror marotaba ham to‘p kirita olmagan. U 61 o‘yinda maydonga tushib, 4 marta ogohlantirilgan.

Manba: furkat.uz 

Top