08:17 / 13.12.2015
3697

Atambayev Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga chaqirdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya va Turkiya munosabatlarida yuzaga kelgan eskalatsiyani bartaraf etishga chaqirdi.

U bu haqida Ashxobodda bo‘lib o‘tgan “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavxusidagi xalqaro anjuman vaqtida aytib o‘tgan.

U Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bu fikrini qo‘llab-quvvatlashini va Rossiya hamda Turkiyaga shu bo‘yicha murojaat qilishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan.

"Ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik yumshatilishi, do‘stona qo‘shnichilik aloqalari tiklanishi kerak. Bu ikki davlat ancha vaqtlardan buyon birodar davlatlar edi", deydi Atambayev.

Undan oldinroq, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bu ikki davlat o‘zaro ziddiyatni hal qilishi uchun hech bo‘lmaganda "yarim qadam" tashlashi zarurligi haqida aytib o‘tgandi.

24 noyabr kuni Suriya hududida harakatlanayotgan Rossiyaning Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyoti Turkiya tomonidan o‘z chegaralarini buzib o‘tganlikda ayblanib, urib tushirilgandi. Rossiya tomoni esa samolyot faqat Suriya osmonida harakatlanganini aytgan. Shundan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashdi va bir qator sohalardagi aloqalar to‘xtatildi.

Top