08:16 / 13.12.2015
14839

Islom Karimov: Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralarni qayta tiklash muhimdir

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 11-12 dekabr kunlari ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlariga yuqori baho berildi. O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Dunyoning turli mintaqalarida vaziyat keskinlashmoqda, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi ortib bormoqda, dedi davlatimiz rahbari. Bugun terrorizm turli shakl va ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda, uning tub sabab va manbalariga qarshi kurashish zarur.

Tabiatda vakuum, ya'ni bo‘shliq bo‘lmaydi, degan haqiqatni takrorlashga ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylayman, dedi davlatimiz rahbari. Bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda uni, birinchi galda, hech qanday chegara va cheklovlarni bilmaydigan turli buzg‘unchi va bosqinchi kuchlar egallab oladi.
Qo‘shni Afg‘onistondagi bugungi ahvolni qarama-qarshi tomonlar – asosan hukumat qo‘shinlari va tolibonlar o‘rtasidagi nizo cho‘zilib ketayotgani bilan izohlash mumkin. AYSAF harbiy kontingentining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi, shuningdek, ushbu mamlakatni tashqi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kamaygani vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘shliqni Yaqin Sharq mintaqasidan qochib chiqayotgan bosqinchi va terrorchi guruhlar egallab olayotgani bu fikrning tasdig‘idir.

Afg‘onistondagi vaziyat qanday kechishidan qat'i nazar, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l, ya'ni o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasida BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish orqali hal etishdan boshqa yo‘l yo‘q, dedi Islom Karimov. Hukumat va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralarni qayta tiklash muhimdir. Bunda tomonlar muzokaralarga kirishishdan oldin bir-biriga hech qanday shart qo‘ymasligi kerak. Hech bir vaziyat yoki masala muzokaralarga to‘siq emas, balki murosaga erishish vositasi bo‘lishi darkor. Buning uchun qat'iy siyosiy irodaga ega bo‘lish, o‘zaro murosa qilish, bir-biriga yon bosish zarur.

Murosa, yana bir bor murosa, kurashayotgan tomonlarning o‘zaro bir-biriga yon berishi – Afg‘oniston muammosini hal qilishning yagona yo‘li mana shu.
O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasi bo‘yicha pozitsiyasi ochiq va ravshan.

Biz Afg‘onistonga qo‘shni mamlakat sifatida barqaror va do‘stona munosabatlarni milliy manfaatlarimiz, ichki ishlarga aralashmaslik siyosati asosida yo‘lga qo‘yganmiz va shunday bo‘lib qoladi.

Aynan shuning uchun O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmagan davlat sifatida har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib bormoqda. Ya'ni, tinchlikparvar siyosat yuritish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obektlar joylashuviga yo‘l qo‘ymaslik, harbiylari chet ellardagi operatsiyalarda ishtirok etmaslik kabi qat'iy yo‘lni tanlagan.

Kuchlarning global va mintaqaviy joylashuvidagi murakkab o‘zgarishlarga nisbatan Turkmaniston bilan yondashuvlarimiz o‘xshashligi, zamonamizning boshqa dolzarb muammolarini oshkora muhokama etishga tayyorligimiz bizning hamfikr ekanimizni ko‘rsatadi, dedi Prezidentimiz.

Top