09:57 / 13.12.2015
19685

Islom Karimov: Berdimuhamedov betaraflik xalqaro munosabatlar va hamkorlik aloqalaridan o‘zini tiyish degan tushunchalarga chek qo‘ydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 11-12 dekabr kunlari ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlari bilan birga Betaraf Turkmaniston maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu mamlakatning betarafligi timsoli bo‘lgan Betaraflik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

1995 yil 12 dekabrda Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Ushbu sananing 20 yilligi munosabati bilan Ashxobodda “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘ldi. Konferentsiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi va jumladan quyidagi fikrlarni bildirdi.

“Turkmanistonning doimiy ijobiy betaraflik maqomiga ega davlat sifatida zamonaviy rivojlanish davri bevosita Gurbanguli Berdimuhamedov nomi bilan bog‘liqdir. U Prezident lavozimida faoliyatini boshlagach, Turkmanistonning betaraflik maqomi sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyidi”, dedi Prezidentimiz.

Gurbanguli Berdimuhamedov 2007 yil BMT minbaridan Turkmanistonning xalqaro hamjamiyat uchun ochiqligi, mamlakatning boshqa davlatlar bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini bayon qilib, betaraflik o‘z qobig‘iga o‘ralib qolish, xalqaro munosabatlar va hamkorlik aloqalaridan o‘zini tiyish degan tushunchalarga chek qo‘ydi. Bu bilan Turkmanistonning yangi tashqi siyosat strategiyasini belgilab berdi.

O‘tgan davr mobaynida Turkmaniston Prezidenti xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, transport-kommunikatsiya, energetika sohalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Orolni qutqarish bo‘yicha hamkorlikka oid dolzarb masalalar yuzasidan ko‘plab amaliy taklif va g‘oyalarni ilgari surdi. Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish haqidagi tashabbusi shular jumlasidandir.

Gurbanguli Berdimuhamedovning Kaspiy dengizida transport sohasida hamkorlik bo‘yicha bitim ishlab chiqish, BMTning Transportni rivojlantirishga doir mintaqalararo maxsus dasturini qabul qilish, Turkmanistonda BMT Bosh Assambleyasining Transport koridorlari to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan mintaqaviy simpoziumni o‘tkazish haqidagi takliflari alohida e'tiborga loyiqdir, deb ta'kidladi Islom Karimov.

Yirik tranzit-transport salohiyatiga ega Turkmaniston ayni paytda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda temir yo‘l, avtomobil, dengiz va havo yo‘llari orqali qatnovni o‘z ichiga olgan keng tarmoqli multimodal infratuzilmani shakllantirmoqda. Mamlakatlarimiz transport yo‘llari mintaqadagi barcha davlatlarning Eron, Fors ko‘rfazi va Qora dengiz bo‘yida joylashgan mamlakatlar bandargohlariga, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqishini ta'minlaydigan yagona tizimning integratsiyalashgan bo‘g‘iniga aylanishi darkor.

Bugungi uchrashuvimiz xalqaro maydonda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, geosiyosiy keskinlik va qarama-qarshilik kuchayib, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan, jahon bozorlarida kon'yunktura beqaror bo‘lib turgan bir sharoitda o‘tmoqda...

Turkmanistonning amaliy xalqaro hamkorlik uchun ochiqligini e'lon qilgan betaraflik konsepsiyasi bundan keyin ham mamlakat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, uning milliy manfaatlarini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qilishiga ishonamiz, dedi pirovardida Islom Karimov.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Islom Karimovga ushbu bayram va xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Top